Rossiyadagi muhojirlar ishlamaydigan oila aʼzosi uchun soliq toʻlaydi
Ushbu chora butun ijtimoiy sohaga tushadigan yukni kamaytirish uchun zarurligi bilan izohlangan.

2027 yildan boshlab mehnat migrantlari mamlakatga kelgan har bir oila aʼzosi uchun qoʻshimcha soliq toʻlashlari shart boʻladi, deb eʼlon qildi Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev.
Uning soʻzlariga koʻra, bu butun ijtimoiy sohaga tushadigan yukni kamaytirish uchun zarur.
"Biz mehnat migrantlarining ishsiz qarindoshlarini Rossiyaga olib kelish imkoniyatini moliyaviy jihatdan cheklaydigan qonunni qabul qilish tashabbusi bilan chiqdik. 2027 yildan boshlab har bir kelgan oila aʼzosi qoʻshimcha soliqqa tortiladi", dedi Vladimir Kolokolsev.
Uning tushuntirishicha, bu chora butun ijtimoiy sohaga tushadigan yukni kamaytirish uchun koʻrilgan. Uning taʼkidlashicha, "biror mamlakatda yashash, uning imtiyozlari va imkoniyatlaridan bahramand boʻlish va deyarli hech qanday soliq toʻlamaslik mumkin emas".
Iyul oyida imzolangan qonunga koʻra, patent asosida ishlaydigan chet elliklar uchun toʻlovlar Rossiyadagi har bir voyaga yetmagan bola yoki boshqa qaramogʻidagi qarindosh uchun 50% ga oshadi. Qonun 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
2025 yildan beri mehnat migrantlarining ishsiz va maʼlumotsiz oila aʼzolari soni 20 foizga kamaydi, deb qoʻshimcha qildi Vladimir Kolokolsev. U buni allaqachon amalga oshirilgan bir qator choralar bilan bogʻladi. U migrant bolalarni maktabga kirishdan oldin testdan oʻtkazish talabining joriy etilishini eng muhimi sifatida keltirdi.
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasini majburiy tekshirish 2025 yil 1 apreldan joriy etilgan. Maktabga yozilish uchun bola "boshlangʻich, asosiy va oʻrta umumiy taʼlimning taʼlim dasturlarini oʻzlashtirish uchun yetarli" rus tili darajasini namoyish qilishi kerak.





