Qoʻqondagi 13 yoshli qizga nisbatan zoʻravonlik ishi qayta malakalandi
Qoʻqon shahar prokuraturasi ishni Jinoyat kodeksining 128-moddasidan (16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 118-moddasi 4-qismiga (oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish) qayta malakalagan.

Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahridagi mehmonxonada 13 yoshli qizga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etilishi yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi qayta malakalandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 9 noyabr kuni Qoʻqon shahar prokuraturasi jinoyat ishini Jinoyat kodeksining 128-moddasidan (16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 118-moddasi 4-qismiga (oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish) qayta malakalagan.
Hodisa 28 sentabr kuni sodir boʻlgan. Fargʻona viloyatida yashovchi 2012 yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qiz Qoʻqon shahridagi mehmonxonada jinsiy zoʻravonlikka uchragan.
Holat yuzasidan 29 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi ushlanib, 30 sentabr kuni sud qarori bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.





