Qashqadaryoda ota-onalar bolalarni maktabga olib borish uchun daryodan koʻtarib oʻtmoqda
Viloyat hokimligi masʼullar tomonidan muammoning doimiy yechimini topish yuzasidan tegishli ishlar olib borilayotganini bildirdi.

Qashqadaryoda ota-onalar bolalarni maktabga olib borish uchun daryodan koʻtarib oʻtayotgani vvideosi tarqaldi.
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 84-maktab oʻquvchilari daryodan oʻtib, darsga borishga majbur boʻlayotgani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda kattalar bolalarni kuchli suv oqimi orqali qoʻllarida va eshaklarda koʻtarib oʻtkazayotgani aks etgan. Oʻquvchilarning oʻzlari daryoni kesib oʻtishi xavfli ekani aytilmoqda.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Foydalanuvchilar qishloqda bolalar xavfsizligi uchun koʻprik qurishni talab qilgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligiga koʻra, masʼullar mazkur holatdan masʼul tashkilotlar xabardor. Aniqlanishicha, ushbu hudud mavsumiy sel suvlari oqib oʻtadigan tabiiy oʻzan hisoblanadi. Shu bilan birga, bolalarning taʼlim muassasasiga borish-kelishida bunday xavfli vaziyatlarga duch kelishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Ayni paytda masʼullar tomonidan hududdagi vaziyatni oʻrganish, bolalar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni belgilash hamda muammoning doimiy yechimini topish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.





