Prezident Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi
Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni uchta asosiy yoʻnalish boʻyicha boshlash maqsadga muvofiqligi bildirildi. Birinchisi – axborot yoʻnalishi. Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti koʻmagida iqlim xavf-xatarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar almashinuvi infratuzilmasini yaratishga kirishish taklif etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Antaliya shahrida boʻlib oʻtayotgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida Jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq soʻzladi.
Sammitda dunyoning 90 dan ortiq mamlakati davlat va hukumat rahbarlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar boshliqlari ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari nutqining avvalida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya va Avstraliya hamraisligida oʻtayotgan konferensiyaga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrilganini eʼtirof etdi.
Mamlakatimiz yetakchisi taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha global saʼy-harakatlarni izchil qoʻllab-quvvatlab kelmoqda hamda oʻz taraqqiyot modelini “yashil” texnologiyalar asosida, tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda qurmoqda.
Xalqaro hamjamiyatning eʼtibori bu borada milliy miqyosda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar va erishilgan natijalarga qaratildi.
Uglerod chiqarishni kamaytirish doirasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan gaz chiqindilarini 35 foizga qisqartirish borasidagi maqsadini muddatidan oldin bajardi. 2035 yilga qadar ushbu koʻrsatkichni 50 foizga yetkazish boʻyicha yangi marra belgilandi.
Soʻnggi oʻn yilda iqtisodiyotimizda suv sarfi deyarli ikki baravarga, havzalardan olinayotgan suv miqdori esa beshdan bir qismga kamaydi. Sugʻoriladigan yer maydonlarining 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.

Yerlarni qayta tiklash boʻyicha olib borilgan keng koʻlamli ishlar natijasida mamlakatimizda oʻrmonlar maydoni olti million gektarga koʻpaytirildi, uning uchdan bir qismi Orolboʻyi hududiga toʻgʻri keladi.
Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi hayotga izchil tadbiq etilmoqda.
Oʻzbekistonda yuritilayotgan davlat siyosatida yoshlar masalasi markaziy oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi.
– Mamlakatimizda bolalarning ekologik tarbiyasi oila, mahalla va maktabdan boshlanadi. Yosh avlodga suvni tejash, daraxtlarni parvarish qilish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash bogʻchadanoq oʻrgatiladi, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Yurtimizning har beshinchi fuqarosi maktab oʻquvchisi yoki talaba ekani qayd etildi. Bu esa 2050 yilga borib Oʻzbekiston aholisining toʻrtdan uch qismi tabiatga gʻamxoʻrlik ruhida taʼlim olishini anglatadi.
Prezidentimiz kelgusidagi qoʻshma saʼy-harakatlar borasida oʻz nuqtai nazarini bayon qilib, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarga hech bir davlat yakka oʻzi yechim topa olmasligini taʼkidladi.
– Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurgʻoqchilik kabi xatarlarning koʻlami ortmoqda. Umumiy tahdidlar mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qiladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan mintaqaviy Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni uchta asosiy yoʻnalish boʻyicha boshlash maqsadga muvofiqligi bildirildi.
Birinchisi – axborot yoʻnalishi. Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti koʻmagida iqlim xavf-xatarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar almashinuvi infratuzilmasini yaratishga kirishish taklif etildi.
Ikkinchisi – texnologik yoʻnalish. «Eco Expo» koʻrgazmasini mintaqamizga mos zamonaviy ekologik yechimlar beradigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirishga tayyorlik bildirildi.
Uchinchisi – moliyaviy yoʻnalish. Mahalliy sharoit va ehtiyojlar hisobga olinadigan barqaror moliyalashtirishni taʼminlash uchun taraqqiyot banklari va maqsadli jamgʻarmalar bilan birgalikda yangi koʻmak vositalari – imtiyozli grantlar, shuningdek, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida konferensiya ishtirokchilarini iqlim integratsiyasi modelini amaliy mazmun bilan boyitishga chaqirdi hamda ushbu hayotiy muhim modelni dunyoning barcha manfaatdor mintaqalarida qoʻllashni taklif etdi.





