Poytaxt aeroportida xorijdan olib kirilayotgan telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha toʻxtatildi
Soʻnggi vaqtlarda telefonlarni bojxonadan olib oʻtishda IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalar identifikatorlaridan foydalanish va bir telefon maʼlumotlari orqali boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish kabi holatlar koʻpaygan.

Bojxona qoʻmitasi Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan kelayotgan yoʻlovchilarning mobil telefonlari 30 kungacha ekspertiza uchun olib qoʻyilayotgani va tezlashtirilgan rasmiylashtiruv uchun qoʻshimcha toʻlov joriy etilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, soʻnggi vaqtlarda telefonlarni bojxonadan olib oʻtishda IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalar identifikatorlaridan foydalanish va bir telefon maʼlumotlari orqali boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish kabi qonunbuzilish holatlari koʻpaygan.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon "Toshkent-AERO" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 185 ta holatda qiymati 8,8 mlrd soʻmlik 1185 dona mobil telefonning noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyilgan.
Shu munosabat bilan hozir Toshkent xalqaro aeroporti orqali olib kirilayotgan mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi IMEI identifikatorlarini aniqlash va ularning qonuniy olib kirilganini tasdiqlash bilan bogʻliq masalalar hal etilguniga qadar vaqtincha toʻxtatilgan.
Bojxona qoʻmitasi tegishli idoralar bilan hamkorlikda telefonlarni tekshirish va rasmiylashtirish tartiblarini oydinlashtirish boʻyicha choralar koʻrilayotganini maʼlum qildi.
Vaziyatga qisqa muddatlarda oydinlik kiritilishi va bojxona rasmiylashtiruvi davom ettirilishi kutilmoqda.





