Oʻzbekistonda telefonlar arzonlashishi mumkin: import boji 0 foizga tushiriladi
Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish doirasida mobil telefonlar importi uchun bojxona boji bekor qilinishi kutilmoqda. Biroq telefonlar importida qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) saqlanib qoladi.

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish doirasida mobil telefonlar importi uchun bojxona bojini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu telefonlar narxini taxminan 5 foizga arzonlashtirishi mumkin.
Bu haqda Bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Farhod Olimjonov Kontent tayyorlash markazidagi matbuot anjumanida maʼlum qildi, deya xabar bermoqda Platina.uz muxbiri.
Uning soʻzlariga koʻra, JSTga qoʻshilish boʻyicha muzokaralarda mobil qurilmalar importi uchun 0 foizlik bojxona boji stavkasi boʻyicha kelishuvga erishilgan.
Shu bilan birga, bojxona bojining bekor qilinishi davlat byudjetiga tushumlarni 300–400 mlrd soʻmga kamaytirishi mumkin. Biroq telefonlar importida qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) saqlanib qoladi.
Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil yanvar–oktabr oylarida Oʻzbekistonga rasmiy ravishda 4,1 mln dona mobil qurilma olib kirilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1 mln donaga koʻp.
Ushbu davrda mobil qurilmalar importidan tushgan bojxona toʻlovlari 2,1 barobarga oshib, 2 trln soʻmni tashkil etgan.
Xususan, 10 oyda mamlakatga 452 mingdan ortiq iPhone olib kirilgan. Ushbu qurilmalar uchun toʻlangan bojxona toʻlovlari 756,6 mlrd soʻmga yetgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 barobar koʻp.





