Novosibirskda "Jip" Oʻzbekiston fuqarosini urib yubordi
Bosh konsulxona fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash hamda unga qonuniy tartibda jabrlanuvchi maqomini berish masalasida Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Novosibirsk shahridagi vakolatxonasiga rasmiy nota yubordi.

Rossiyaning Novosibirsk shahrida yoʻl-transport hodisasi oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston fuqarosining holati Bosh konsulxona nazoratiga olindi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 9 noyabr kuni Oʻzbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasiga shaharda sodir boʻlgan YTHda jabrlangan G.K. ismli fuqaro haqida maʼlumot kelib tushgan. Shundan soʻng konsullik xodimi va Migratsiya agentligining hududiy vakili fuqaro yotqizilgan 2-sonli shahar tez yordam shifoxonasiga borgan.
Aniqlanishicha, fuqaro Novosibirsk shahridagi Vыsotskiy koʻchasi, 42-uy yaqinida piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotganida qora rangli "Jip" rusumli avtomobil uni urib yuborgan. Haydovchi hodisadan soʻng tez yordam chaqirib, jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlagan.
Tibbiy xulosaga koʻra, fuqaroning singan suyaklari bitguniga qadar uni boshqa joyga koʻchirish tavsiya etilmaydi.
Bosh konsulxona fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash hamda unga qonuniy tartibda jabrlanuvchi maqomini berish masalasida Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Novosibirsk shahridagi vakolatxonasiga rasmiy nota yuborgan.
Mazkur holat Bosh konsulxona tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.





