Surxondaryoda 5,3 kg “opiy” musodara qilindi
Hodisa yuzasidan ikki kishi qoʻlga olindi. Ularga ushbu giyohvandlik vositalari qoʻshni Afgʻonistondagi narkokurerlar tomonidan yetkazib berilgan.

Surxondaryoda 5,3 kg “opiy” moddasi musodara qilindi.
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotik modda musodara qilindi.
Xususan, DXX Chegara qoʻshinlari hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Termiz tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda jami 5 dona oʻramdagi, umumiy ogʻirligi 5 kg 362 gr boʻlgan “opiy” moddasini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida Termiz shahrida yashovchi, 1972 va 1995 yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro ushlandi.
Ularga ushbu giyohvandlik vositalari qoʻshni Afgʻonistondagi narkokurerlar tomonidan yetkazib berilgan.
Taʼkidlash lozim, mazkur shaxslarning biri muqaddam oʻgʻrilik, ikkinchisi esa giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan.
Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





