platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

​Oʻzbekiston Turkiya bilan ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi

​Hujjatda iqlim oʻzgarishini yumshatish va uning oqibatlariga moslashish, tabiiy resurslar va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash, atmosfera havosi va suv resurslarining ifloslanishining oldini olish va boshqalar boʻyicha hamkorlik qilish nazarda tutilgan. 

​Oʻzbekiston Turkiya bilan ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha 31-konferensiyasi (UNFCCC COP31) doirasida, Turkiyaning Antaliya shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov hamda Turkiya atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim oʻzgarishi vaziri Murat Kurum oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

​Uchrashuv davomida tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga moslashish, chiqindilarni boshqarish, barqaror shaharlarni rivojlantirish va uglerod bozorlari sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

​Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Turkiya atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim oʻzgarishi vazirligi oʻrtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

​Hujjatda iqlim oʻzgarishini yumshatish va uning oqibatlariga moslashish, tabiiy resurslar va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash, atmosfera havosi va suv resurslarining ifloslanishining oldini olish, choʻllanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish, chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyot va ekologik madaniyatni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, tomonlar oʻzaro tajriba va ilgʻor amaliyotlar almashish, qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar uchrashuvlari hamda mavzuli tadbirlar tashkil etishga kelishib oldilar.

​Uchrashuvda milliy iqlim majburiyatlarini investitsiyalar uchun jozibador loyihalarga aylantirishga qaratilgan BRIDGE tashabbusi, shuningdek, Turkiyaning 2027 yil 15–17 iyun kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Eco Expo Central Asia 2027” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

​Mazkur Memorandumning imzolanishi Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, ekologik barqarorlik va iqlim kun tartibidagi qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish uchun amaliy asos yaratish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadam boʻldi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid