platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga chidamli sogʻliqni saqlash tizimlarini ilgari surmoqda

Markaziy Osiyoda haroratning koʻtarilishi, uzoq davom etadigan ekstremal issiqlik davrlari, suv resurslarining qisqarishi hamda qishloq xoʻjaligini yuritish sharoitlarining oʻzgarishi aholi salomatligi uchun qoʻshimcha xavflarni yuzaga keltirmoqda. 

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga chidamli sogʻliqni saqlash tizimlarini ilgari surmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha 31-konferensiyasi (COP31) doirasida, Antaliya shahridagi Oʻzbekiston Milliy pavilonida “Iqlim xavflaridan sogʻliqni saqlashning barqaror tizimlariga: Markaziy Osiyoda gender omillarini hisobga olgan moslashuvni moliyalashtirish” mavzusida tematik tadbir boʻlib oʻtdi. Unda sogʻliqni saqlash tizimlarini iqlim oʻzgarishiga moslashtirishni gender jihatlarini inobatga olgan holda moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Global yashil oʻsish instituti (GGGI) va BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Asosiy eʼtibor iqlim oʻzgarishi, aholi salomatligi va gender tengligi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikka, shuningdek, moslashuv chora-tadbirlarini ishlab chiqish va moliyalashtirishda ushbu omillarni hisobga olish zaruratiga qaratildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi nafaqat ekologik muammo, balki aholi salomatligi, iqtisodiy taraqqiyot va insonlar farovonligiga ham tobora kuchli taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, ayollar, bolalar va ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj aholi qatlamlari iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavflarga koʻproq duch kelmoqda. Shu bois iqlim siyosati va investitsiyalarni jalb qilish jarayonlarida gender omillarini inobatga olgan holda moslashuv choralarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, Orolboʻyi hududiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yerda ekologik inqiroz oqibatlari aholi salomatligi va turmush sifatiga hamon salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi. Alisher Salomov Qoraqalpogʻistonda iqlim oʻzgarishiga chidamli onalik salomatligi xizmatlarini rivojlantirish hamda xotin-qizlarning daromad manbalarini qoʻllab-quvvatlash borasida UNFPA va GGGI tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.

Markaziy Osiyoda haroratning koʻtarilishi, uzoq davom etadigan ekstremal issiqlik davrlari, suv resurslarining qisqarishi hamda qishloq xoʻjaligini yuritish sharoitlarining oʻzgarishi aholi salomatligi uchun qoʻshimcha xavflarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, ayollar, oʻsmir qizlar va qishloq hududlari aholisi mazkur oqibatlar oldida zaif qatlam boʻlib qolmoqda. Bu, xususan, onalik va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati hamda tibbiyot infratuzilmasining barqarorligi masalalarida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Tadbir davomida GGGI va UNFPA ushbu muammolarni hal etishga qaratilgan qoʻshma yondashuvni taqdim etdi. U demografik siyosat, onalik salomatligini muhofaza qilish, gender tengligi, yashil oʻsish, iqlim moliyalashtirishi va barqaror infratuzilma sohalaridagi ekspertlik salohiyatini birlashtirishga asoslangan.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga chidamli sogʻliqni saqlash tizimlarini ilgari surmoqda

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilayotgan amaliy tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratildi.

Qirgʻiz Respublikasida iqlim bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlar sharoitida shoshilinch tibbiy xizmatlarning uzluksiz faoliyatini taʼminlashga qaratilgan dastur shakllantirilmoqda.

Oʻzbekistonda, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida iqlim oʻzgarishiga chidamli onalik salomatligini muhofaza qilish tizimi modelini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Ushbu model, shuningdek, Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik oʻzgarishlar oqibatida iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan ayollarning daromad manbalarini qoʻllab-quvvatlashni ham nazarda tutadi.

Panel muhokamasi davomida Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlari davlat organlari, GGGI, UNFPA hamda xalqaro moliya institutlari vakillari tomonidan tibbiyot infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun investitsiyalarni jalb etish, milliy moslashuv rejalariga iqlim va gender omillarini integratsiya qilish, mahalliy hamjamiyatlar barqarorligini mustahkamlash hamda raqamli tibbiy vositalarni rivojlantirish mexanizmlari muhokama qilindi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid