platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Feyk yangiliklarni faktcheking qilish usullari va muammolari

«Dialog Regionы» avtonom notijorat tashkilotining yolgʻon axborot tarqalishiga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi Sergey Maklakov bu boradagi tajriba va ilmiy natijalarni ӯzbekistonlik mediakontent yaratuvchilar bilan ӯrtoqlashdi. Rossiya media maydonida dipfeyklar va spufing ulushi 2025 yildagi 20 foizdan 2026 yilda 31 foizga yetgan. 

Feyk yangiliklarni faktcheking qilish usullari va muammolari

Sunʼiy intellekt rivojlanib borgani sari yolgʻon yangilik va maʼlumotlarni aniqlash va tekshirish tobora qiyinlashib bormoqda. Shu bilan birga mutaxassislar bu borada talqiqotlar ӯtkazib, muammoga ilmiy-amaliy yondashuv yordamida yechim izlashga urinishdan tӯxtab qolishgani yӯq.

9–10 noyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan III Oʻzbekiston–Rossiya mediaforumi doirasida «Feyk axborot va generativ kontentni tekshirish» mavzusida mahorat darsida ana shunday yechim va vositalar muhokama qilindi.

«Dialog Regionы» avtonom notijorat tashkilotining yolgʻon axborot tarqalishiga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi Sergey Maklakov bu boradagi tajriba va ilmiy natijalarni ӯzbekistonlik mediakontent yaratuvchilar bilan ӯrtoqlashdi. Ekspert dezinformatsiya tarqalishining asosiy mexanizmlari, dipfeyk texnologiyalarining rivojlanishi hamda axborot ishonchliligini tekshirishning amaliy usullari haqida soʻz yuritdi.

Sergey Maklakov oʻz chiqishida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi axborot xavfsizligi sohasida yangi muammolarni keltirib chiqarayotganiga eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, zamonaviy texnologiyalar yordamida haqiqiy materiallardan ajratish tobora qiyinlashib borayotgan realistik tasvirlar, videoroliklar va audioyozuvlar yaratish imkoniyati kengaymoqda.

Ayniqsa yolgʻon axborot tarqalishiga sabab boʻluvchi psixologik omillar alohida eʼtiborga molik. Ekspertning soʻzlariga koʻra, xavotir uygʻotuvchi xabarlar koʻpincha foydalanuvchilarda atrofdagilarni tezroq ogohlantirish istagini paydo qiladi. Natijada ayrimlar olingan maʼlumotning haqqoniyligini tekshirmasdan turib, uni boshqalarga tarqatishga shoshiladi.

Maklakov qayd etganidek, auditoriyaning axborotga boʻlgan ishonchiga bir qator psixologik omillar taʼsir koʻrsatadi. Xususan, bir xil maʼlumotning turli manbalarda qayta-qayta takrorlanishi uning haqiqat ekani haqida tasavvur uygʻotishi mumkin. Shuningdek, insonlar koʻpincha oʻzlarida avvaldan shakllangan qarash va ishonchlarga mos keladigan maʼlumotlarni osonroq qabul qiladi.

Shu munosabat bilan Maklakov axborotga tanqidiy yondashish muhimligini taʼkidladi. Uning tavsiyasiga koʻra, har qanday shubhali xabarni boshqalarga yuborishdan avval undagi qaysi maʼlumotni tekshirish zarurligini aniqlash, dastlabki manbani topish va xabar mazmunini mustaqil manbalardagi maʼlumotlar bilan solishtirish lozim.

Mahorat darsining alohida qismi faktcheking, yaʼni axborotning haqqoniyligini tekshirishning amaliy usullariga bagʻishlandi. Ekspert ishtirokchilarga maʼlumotni tekshirishning bosqichma-bosqich algoritmini taqdim etdi. U dastlabki materialni qayd etish, birlamchi manbani izlash, faktlarni oʻzaro taqqoslash va dalillarga asoslangan xulosa chiqarishni oʻz ichiga oladi.

Maʼruzachining taʼkidlashicha, axborotni tekshirishda uning kontekstini, yaʼni eʼlon qilingan sanasi, voqea sodir boʻlgan joy, muallif hamda xabarning dastlabki mazmunini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Chunki haqiqiy fotosurat ham notoʻgʻri izoh bilan tarqatilsa, auditoriyani chalgʻituvchi vositaga aylanishi mumkin.

Bunga misol sifatida Sergey Maklakov Yaponiyadagi zilzila oqibatlari aks etgani iddao qilingan fotosurat bilan bogʻliq holatni namoyish etdi. 2026 yil iyul oyida Yaponiyada sodir boʻlgan yangi yer silkinishlari haqidagi xabarlarda qoʻllanilgan, xonaga yetkazilgan zarar tasvirlangan surat aslida 2020 yil iyun oyidayoq internetda eʼlon qilingani aniqlangan. Shu tariqa, mazkur fotosurat u bilan bogʻlab koʻrsatilgan voqeadan olti yil avval tarqalgani maʼlum boʻlgan.

Ushbu misol orqali ekspert dezinformatsiya tarqatish uchun har doim ham soxta tasvir yaratish shart emasligini koʻrsatdi. Ayrim hollarda haqiqiy fotosuratni asl kontekstidan ajratib, unga notoʻgʻri izoh berishning oʻzi jamoatchilikda voqea haqida yanglish tasavvur shakllantirishi mumkin.

Maʼruzaning salmoqli qismi generativ sunʼiy intellekt va dipfeyk texnologiyalariga bagʻishlandi. Sergey Maklakov soʻnggi yillarda sunʼiy tasvir va videomateriallar yaratish texnologiyalari sezilarli darajada takomillashganini, bunday imkoniyatlarni taqdim etuvchi servislar esa keng foydalanuvchilar ommasi uchun tobora qulay boʻlib borayotganini qayd etdi.

Mahorat darsida «Dialog Regionы» tashkiloti maʼlumotlariga tayanib taqdim etilgan statistikaga koʻra, Rossiya media maydonida dipfeyklar va spufing ($$$$$) ulushi 2025 yildagi 20 foizdan 2026 yilda 31 foizga yetgan. Shu bilan birga, ekspert sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan kontent nafaqat koʻngilochar maqsadlarda, balki yolgʻon axborot tarqatish, firibgarlik qilish va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish uchun ham ishlatilishi mumkinligini taʼkidladi.

Mazkur muammoni yoritish maqsadida ishtirokchilarga serbiyalik taniqli tennischi Novak Jokovichning 2026 yil oktabr oyida internetda tarqalgan tasviri misol qilib koʻrsatildi. Unda sportchi goʻyo ommaviy tadbirda uch barmogʻini koʻtargan holda tasvirlangan boʻlib, ayrim foydalanuvchilar bu ishorani muayyan siyosiy ramz sifatida talqin qilgan.

Taqdimotda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Rossiyaning Global fact checking neteork ( GFCN) onlayn xizmati mutaxassislari tasvirni tekshirish jarayonida sunʼiy intellekt yordamida yaratilganiga ishora qiluvchi belgilarni aniqlagan. Jumladan, tasvirda SynthID raqamli belgisi, shuningdek, orqa fondagi insonlarning kiyimi va ayrim vizual detallarida nomuvofiqliklar kuzatilgan. Spiker ushbu misol orqali sunʼiy yaratilgan vizual kontent mashhur shaxslar haqida notoʻgʻri tasavvur uygʻotish, shuningdek, ularga muayyan siyosiy qarash yoki pozitsiyani asossiz ravishda bogʻlash uchun ishlatilishi mumkinligini tushuntirdi.

Sergey Maklakov ӯz chiqishida dipfeyklarni aniqlashga moʻljallangan avtomatlashtirilgan dasturlar natijalarining ishonchliligi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. U bir xil videorolikni sunʼiy kontentni aniqlovchi ikkita servis yordamida tekshirish natijalarini taqdim etdi.

Xususan, Hive Moderation servisi mazkur videomaterial boʻyicha 15,3 foizlik natijani koʻrsatgan boʻlsa, TruthScan uning sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan boʻlishi ehtimolini 97 foiz deb baholagan. Spiker taʼkidlaganidek, bunday keskin tafovutlar axborotni tekshirishda kompleks yondashuv zarurligini koʻrsatadi. Birgina dastur yoki detektor xulosasi materialning haqiqiy yoki sunʼiy ekanini toʻliq isbotlab bera olmaydi.

Shu sababli ekspert videomaterialning dastlabki faylini topish, muallifning asl publikatsiyasini oʻrganish, alohida kadrlarni tahlil qilish, harakatlar, yorugʻlik, soyalar va ovozdagi nomuvofiqliklarga eʼtibor qaratishni tavsiya qildi. Shuningdek, raqamli belgilar va sunʼiy intellektdan foydalanilganini koʻrsatuvchi boshqa alomatlarni ham tekshirish muhimligi qayd etildi.

Ayni paytda, Sergey Maklakovning tushuntirishicha, ayrim vizual nomuvofiqliklarning mavjudligi ham materialning soxtaligi haqida qatʼiy xulosa chiqarish uchun har doim yetarli boʻlavermaydi. Buning uchun bir nechta tekshirish usullari natijalarini oʻzaro taqqoslash va material yaratilgan sharoitni hisobga olish talab etiladi.

Mahorat darsi yakunida ekspert yolgʻon axborot tarqalishining oldini olish boʻyicha beshta asosiy tavsiyani ilgari surdi:

Birinchidan, shubhali xabarni tarqatishdan avval bir oz toʻxtab, undagi aynan qaysi faktni tekshirish kerakligini aniq belgilab olish zarur.

Ikkinchidan, axborotning dastlabki manbasini topish va uni mustaqil manbalar bilan solishtirish lozim. Chunki turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan koʻplab xabarlar aslida bitta manbaga tayangan boʻlishi mumkin.

Uchinchidan, maʼlumotning konteksti, jumladan, sanasi, joyi, muallifi va asl mazmunini tekshirish muhim. Zero, haqiqiy tasvir ham boshqa vaqt yoki makonda sodir boʻlgan voqeaga tegishli boʻlishi mumkin.

Toʻrtinchidan, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan kontentni aniqlashda faylning kelib chiqishi, alohida kadrlar va maxsus detektorlar natijalarini kompleks tahlil qilish talab etiladi.

Beshinchidan, tekshirish natijalarini dalillar bilan asoslash, foydalanilgan manbalarga havolalar keltirish va tasdiqlanmagan maʼlumotlarni ochiq koʻrsatish lozim.

Mahorat darsi yakunida Sergey Maklakov ishtirokchilarni GFCN (Global Fact-Checking Network) tarmogʻining faktcheking koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan taʼlim resurslari bilan ham tanishtirdi. Xususan, u manbalar, hujjatlar, fotosuratlar va videomateriallarni tekshirishga oid maqolalar hamda videodarslarni oʻz ichiga olgan maxsus taʼlim boʻlimini taqdim etdi.

Mazkur resurslar axborotning haqqoniyligini baholash, yolgʻon maʼlumotlarni aniqlash va raqamli kontentni tahlil qilish boʻyicha amaliy bilimlarni oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Taʼkidlash lozim, Sergey Maklakovning mahorat darsi III Oʻzbekiston–Rossiya mediaforumining ikki mamlakat media sohasi vakillari oʻrtasida tajriba almashish hamda kasbiy salohiyatni oshirishga qaratilgan taʼlim dasturi doirasida tashkil etildi. Maʼruza davomida koʻtarilgan masalalar sunʼiy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgan va raqamli makonda axborot oqimi tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Spiker taqdim etgan misollar va tavsiyalar dezinformatsiyaga qarshi samarali kurashish uchun zamonaviy texnologik vositalardan foydalanish bilan bir qatorda, tanqidiy fikrlash, manbalarni sinchiklab tekshirish va axborot tarqatishga masʼuliyat bilan yondashish muhimligini koʻrsatdi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid