Erkin Vohidov va Abdulla Oripov asarlari turk tilida nashr etildi
Oʻzbek sheʼriyatining ikki yirik namoyandasi — Erkin Vohidov va Abdulla Oripov ijodidan namunalar Turkiyada turk tilida chop etildi. Anqarada ikki kitob taqdimoti oʻtkazildi.

2026 yil 6 noyabr kuni Anqara shahridagi Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasida Erkin Vohidovning «Soʻz latofati» va Abdulla Oripovning «Saylanma» kitoblarining turk tilidagi nashrlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Mazkur nashrlar Oʻzbekiston xalq shoirlarining boy ijodiy merosini Turkiya kitobxonlariga tanishtirish, shuningdek, oʻzbek adabiyotining turkiy dunyodagi targʻibotini kengaytirishga qaratilgan. Loyihani Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi, Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirgan.
Taqdimot marosimida TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchisi Ilhom Haydarov, Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov, rais oʻrinbosari Gʻayrat Majid, xalq shoiri Usmon Azim, Turkiyadagi Chingiz Aytmatov instituti rahbari Ilyos Topsakal, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar hamda ikki shoirning oila aʼzolari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbir doirasida Erkin Vohidov va Abdulla Oripovning hayoti, ijodiy faoliyati va adabiy merosiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma ochildi. Unda shoirlarning hayot yoʻli va oʻzbek adabiyoti rivojiga qoʻshgan hissasini aks ettiruvchi materiallar namoyish etildi.
Taqdimotda soʻzga chiqqanlar oʻzbek adabiyotining ikki yirik vakili asarlari turk tilida nashr etilganini qardosh xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholadi. Shuningdek, TURKSOYning turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosini asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targʻib qilish borasidagi faoliyati alohida taʼkidlandi.
Kitoblar tarjimasi va nashr jarayoni
Nashrlarni tayyorlashda oʻzbekistonlik va turkiyalik mutaxassislar hamkorlik qilgan. Har ikki kitobning nashr uchun masʼuli Oʻzbekistonning TURKSOYdagi vakili Shavkat Ortiqov boʻldi.
Erkin Vohidovning «Soʻz latofati» kitobini turk tiliga Avazxon Umarov va Jihangir Demir tarjima qilgan. Nashrni tayyorlash jarayonida Shehnaz Sonat, Hurshid Vohidov, Nigora Umarova va muharrir Kemal Goʻz ham ishtirok etgan.
Abdulla Oripovning «Saylanma» asarlarini esa Xayrulla Hamidov, Maʼrufjon Yoʻldoshev, Huseyin Baydemir, Saidbek Boltaboyev, Avazxon Umarov va Hulya Ergene turk tiliga oʻgirgan.
Har ikki kitobning kirish qismida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shoirlar ijodiga bergan bahosi keltirilgan. Xususan, Erkin Vohidov haqidagi nashrda davlat rahbarining shoirni «serqirra isteʼdod egasi, haqiqiy vatanparvar va millatparvar inson» sifatida eʼtirof etgan fikrlari oʻrin olgan.
Abdulla Oripovning «Saylanma» kitobida esa uning oʻzbek adabiyotini yangi bosqichga olib chiqqan ijodkor ekani, sheʼrlari xalq qalbidan chuqur joy olgani va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi matni muallifi sifatidagi tarixiy oʻrni qayd etilgan.
Kitoblarga Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid soʻzboshi yozgan.





