platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Tahlil

AQShning global yetakchiligi yana qaytadimi, saylov natijalari Tramp hokimiyatiga qanday taʼsir qiladi?

Demokratlarning AQShdagi oraliq saylovlardagi gʻalabasi Donald Tramp maʼmuriyatining tashqi siyosatiga muayyan taʼsir koʻrsatishi mumkin. Ammo, tahlilchilar fikricha, bu AQShning xalqaro maydondagi avvalgi yetakchiligini tiklaydi, degani emas.

AQShning global yetakchiligi yana qaytadimi, saylov natijalari Tramp hokimiyatiga qanday taʼsir qiladi?

AQShda 3 noyabr kuni boʻlib oʻtgan oraliq saylovlarda Demokratik partiyaning Kongressning har ikki palatasida ustunlikni qoʻlga kiritishi mamlakat tashqi siyosatining kelajagi borasidagi muhokamalarni kuchaytirdi. Saylov natijalaridan koʻp oʻtmay, Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Heykim Jeffris «Amerika yana qaytdi», deya bayonot berdi. Siyosatshunos, Eurasia Group asoschisi va prezidenti Ian Bremmer «Project Syndicate» nashrida AQSh haqida yangi tahliliy maqolasini eʼlon qildi.

Uning fikricha, demokratlarning saylovdagi gʻalabasi Tramp maʼmuriyatining tashqi siyosatiga ayrim cheklovlar qoʻyishi mumkin, ammo bu AQShning avvalgi global yetakchilik mavqeini tiklash uchun yetarli emas.

AQSh xalqaro yetakchilikdan nega chekinmoqda?

Soʻnggi yillarda xalqaro munosabatlarda «G-Zero dunyosi» deb ataladigan yangi geosiyosiy tushuncha tobora koʻproq muhokama qilinmoqda. Bu atama global tartibni boshqarishga qodir yoki tayyor yagona yetakchi davlat yoxud davlatlar koalitsiyasi mavjud boʻlmagan xalqaro vaziyatni anglatadi.

Ian Bremmerning taʼkidlashicha, AQSh oʻzi yaratgan xalqaro tartibdan bosqichma-bosqich chekinmoqda. Rossiyaning xalqaro meʼyorlarni buzuvchi harakatlari va Xitoyning siyosiy tizimi hamda iqtisodiyotini liberallashtirishdan bosh tortishi ham bu jarayonga taʼsir koʻrsatgan. Biroq xalqaro tizimning zaiflashuvida Amerikaning global yetakchilikdan chekinishi muhim omillardan biri boʻlib qolmoqda.

Muallif bu jarayonni Donald Trampning ikki prezidentlik davrida tezlashgan ongli siyosiy tanlov sifatida baholaydi.

Bunga AQSh jamiyatida mamlakatning tashqi siyosatdagi faol ishtirokiga nisbatan norozilik kuchaygani ham zamin yaratdi. Globallashuv natijasida iqtisodiy imkoniyatlardan chetda qolgan aholining ayrim qatlamlari, Yaqin Sharqdagi uzoq davom etgan va katta xarajat talab qilgan harbiy kampaniyalardan charchagan amerikaliklar Vashingtonning xalqaro majburiyatlarini tobora koʻproq shubha ostiga qoʻya boshladi.

Aynan shu kayfiyat Donald Trampning «Amerika — birinchi oʻrinda» (America First) siyosiy qarashlari va MAGA harakatining kuchayishiga yordam berdi.

Vashington siyosatidagi beqarorlik ittifoqchilarni xavotirga solmoqda

AQShning xalqaro maydondagi taʼsiri zaiflashishiga faqat izolyatsionistik qarashlarning kuchayishi sabab boʻlayotgani yoʻq. Mamlakat ichidagi siyosiy qutblashuv va hokimiyatning bir partiyadan boshqasiga tez-tez oʻtishi ham tashqi siyosat izchilligiga jiddiy putur yetkazmoqda.

Bremmer keltirgan maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 26 yil ichida AQShda oʻtkazilgan 14 ta milliy saylovning 12 tasida hokimiyatning ijro etuvchi yoki qonun chiqaruvchi tarmoqlaridan kamida biri boshqa partiya nazoratiga oʻtgan. Taqqoslash uchun, bundan oldingi 40 yillik davrda oʻtkazilgan 20 ta saylovning atigi yettitasida shunday holat kuzatilgan.

Ikki partiya oʻrtasidagi siyosiy qarama-qarshilikning kuchayishi va tashqi siyosatdagi anʼanaviy ikki partiyaviy kelishuvning yemirilishi Vashington qarorlarida keskin burilishlarga olib kelmoqda.

Bunga AQShning Parij iqlim kelishuvi va BMT Inson huquqlari kengashidagi ishtiroki boʻyicha qarorlarining bir necha bor oʻzgarishi, shuningdek, Trampning Barak Obama davrida Eron bilan imzolangan Yadro dasturi boʻyicha qoʻshma keng qamrovli harakatlar rejasidan (JCPOA) bir tomonlama chiqishi misol boʻla oladi.

Natijada, ayniqsa, Yevropa davlatlari AQSh bilan munosabatlarda uzoq muddatli ishonch va barqarorlik masalasiga qayta qarashga majbur boʻldi.

Jo Bayden prezidentligi davrida Vashingtonning xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarini tiklashga uringan edi. U xorijiy davlat rahbarlari bilan uchrashuvlarida «Amerika qaytdi», deya taʼkidlagan. Biroq uning suhbatdoshlari bu bayonotga koʻpincha bir savol bilan javob qaytargan: «Ammo qancha muddatga?»

Trampning Oq uyga qaytishi, NATOning AQSh uchun ahamiyatini shubha ostiga qoʻyishi, Grenlandiyani egallash bilan bogʻliq tahdidlari va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borishga intilishi Yevropa davlatlarining xavotirlarini yanada kuchaytirdi.

Yevropa va Yaqin Sharq AQShga qaramlikni kamaytirmoqda

Amerika ittifoqchilarining javobi Vashington bilan aloqalarni uzish emas, balki unga haddan tashqari qaramlikdan kelib chiqadigan xavflarni kamaytirish boʻldi. Xalqaro siyosatda bu yondashuv «derisking», yaʼni xavflarni kamaytirish deb ataladi.

AQShning xavfsizlik kafolatlariga ishonchi susayib borayotgan Yevropa davlatlari mudofaa salohiyatini mustahkamlashga kirishdi. Masalan, Germaniya armiyasini qayta qurollantirish va harbiy xarajatlarni oshirish maqsadida davlat qarzi boʻyicha amaldagi cheklovlarni qayta koʻrib chiqdi.

Shunga oʻxshash jarayon Yaqin Sharqda ham kuzatilmoqda. AQShning Eron bilan urushi ortidan mintaqa davlatlari xavfsizlikni taʼminlashning muqobil mexanizmlarini izlay boshladi. Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston oʻrtasida Makka qoʻshma mudofaa kelishuvi tuzilishi ham shu jarayonning bir koʻrinishi sifatida baholanmoqda.

Iqtisodiy yoʻnalishda ham Amerika ittifoqchilari yangi hamkorlarni izlamoqda.

Masalan, AQSh bosimi ostida qolgan Kanada Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini mustahkamlash va Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga intilmoqda. Yevropa Ittifoqi esa Janubiy Amerika umumiy bozori — MERCOSUR tarkibidagi Argentina, Braziliya, Paragvay va Urugvay, shuningdek, Hindiston bilan savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan kelishuvlarni rivojlantirmoqda.

Bu jarayonlar AQShning anʼanaviy ittifoqchilari xalqaro siyosat va iqtisodiyotda oʻz manfaatlarini Vashington pozitsiyasiga toʻliq bogʻlab qoʻymaslikka harakat qilayotganini koʻrsatadi.

Demokratlarning gʻalabasi Tramp siyosatini oʻzgartira oladimi?

Demokratlarning Kongressdagi muvaffaqiyati AQSh ittifoqchilari uchun maʼlum darajada ijobiy signal boʻldi. Chunki Demokratik partiya xalqaro institutlar va koʻp tomonlama diplomatik hamkorlikni respublikachilarga qaraganda koʻproq qoʻllab-quvvatlaydi.

Senatning Xalqaro aloqalar qoʻmitasi va Vakillar palatasining Tashqi ishlar qoʻmitasida demokratlarning yetakchilikni qoʻlga kiritishi Tramp maʼmuriyati qarorlari ustidan qonunchilik nazoratini kuchaytirishi mumkin.

Shunga qaramay, bu Vashingtonning Eron, Kuba va Venesuelaga nisbatan keskin siyosati oʻzgarishini anglatmaydi. AQSh ittifoqchilari koʻp tomonlama diplomatiyaga qaytishdan umid qilayotgan boʻlsa, bunday oʻzgarishlarni kamida 2028 yildan keyin kutishiga toʻgʻri kelishi mumkin.

Bundan tashqari, Trampdan keyin hokimiyatga nisbatan moʻʼtadil tashqi siyosat yuritadigan prezident kelgan taqdirda ham, AQShning avvalgi global yetakchilik mavqeini toʻliq tiklashi oson boʻlmaydi.

Bunga mamlakat ichidagi siyosiy boʻlinishlar, davlat moliyasiga tushayotgan bosim va xalqaro maydonda Xitoy taʼsirining ortib borayotgani sabab boʻlmoqda.

Oraliq saylovlardan keyingi voqealar ham Vashington siyosatidagi beqarorlikni koʻrsatdi. AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens respublikachilarning saylovdagi magʻlubiyatiga Eron bilan urush sabab boʻlganini taʼkidladi. Bu esa Vashington kelgusida harbiy zarbalarni kamaytirib, diplomatik muzokaralarga ustuvor ahamiyat berishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.

G-Zero dunyosi saqlanib qoladimi?

Ian Bremmerning tahliliga koʻra, demokratlarning saylovdagi gʻalabasi Tramp maʼmuriyatining «Amerika — birinchi oʻrinda» tamoyiliga asoslangan tashqi siyosatiga muayyan cheklovlar qoʻyishi mumkin. Ammo bu AQShning izchil, barqaror va oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan tashqi siyosatga qaytishini anglatmaydi.

Bugungi kunda Vashingtonning urush va diplomatiya borasidagi qarorlari tobora tez va oldindan bashorat qilish qiyin boʻlgan sharoitda qabul qilinmoqda. Bunday vaziyatda AQSh ittifoqchilari oʻz xavfsizligi, iqtisodiy manfaatlari va xalqaro mavqeini himoya qilish uchun muqobil hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga majbur boʻlmoqda.

Shu nuqtai nazardan, demokratlarning Kongressdagi gʻalabasini AQSh global yetakchiligining tiklanishi sifatida baholashga hali erta.

Aksincha, xalqaro maydonda kuch markazlari koʻpayib, anʼanaviy ittifoqlar qayta shakllanayotgan bir paytda dunyo yangi geosiyosiy bosqichga kirib bormoqda. AQSh esa bu jarayonda avvalgidek yagona va shubhasiz yetakchi boʻlib qolish imkoniyatini tobora yoʻqotmoqda.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid