platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etiladi

Ilmiy tadqiqotlar va sanoat oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun kelajak texnologiyalari boʻyicha tadqiqotchilarni sanoat korxonalari bilan bogʻlaydigan “Yangi sanoat” milliy platformasi ishlab chiqiladi. 

Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etiladi

Mamlakatimizda yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish uchun zarur poydevor shakllanmoqda. Toʻqimachilik, metallni qayta ishlash, qurilish va boshqa sohalar uchun texnologik uskunalar chiqaradigan oʻnlab korxonalar paydo boʻldi. Ohangaron texnoparkida mikroprotsessor modullari ishlab chiqarilmoqda, koreyalik hamkorlar bilan Toshkent shahrida robotlar ishlab chiqarish loyihasi boshlangan.

​Bunday korxonalarni koʻpaytirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy uskunalar, sanoat robotlari va elektronika mahsulotlari bilan taʼminlaydigan yaxlit ekotizimni shakllantirish maqsad qilingan.

​Shu bois, Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etiladi. Markaz korxonalariga IT-park rezidentlari bilan bir xil imtiyozlar beriladi. Robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo hamda butlovchi qismlar import bojidan ozod etiladi. Ushbu yoʻnalishdagi ilmiy ishlanmalardan olingan daromadga soliq solinmaydi.

Ilmiy tadqiqotlar va sanoat oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun kelajak texnologiyalari boʻyicha tadqiqotchilarni sanoat korxonalari bilan bogʻlaydigan “Yangi sanoat” milliy platformasi ishlab chiqiladi.

​Har bir hududda 1 mayga qadar bittadan tadqiqot va ishlanmalar (R&D) markazi yoki texnoparkni yangi sanoat yoʻnalishlariga moslashtirib, mahsulotlarni sinovdan oʻtkazish maydonchasini tashkil etish vazifasi belgilandi. Ular yirik korxonalar va kichik tadbirkorlar oʻrtasidagi kooperatsiyani mustahkamlaydi.

​Shuningdek, mutasaddilarga ikki haftada robototexnika sohasini rivojlantirish boʻyicha qaror loyihasini, 1 martgacha esa uskunasozlik va elektronika tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlashning kompleks dasturini tayyorlash topshirildi.

​Keyingi uch yilda elektrotexnika va unga bogʻliq yangi sanoat yoʻnalishlarida umumiy qiymati 11 milliard 600 million dollarlik 164 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

​Tarmoq ortiqcha oltita asosiy yoʻnalishda rivojlantiriladi. Jumladan, kabel sanoatida 2,5 milliard dollarlik 41 ta, transformatorlar va nasoslar ishlab chiqarishda 1,4 milliard dollarlik 29 ta, sanoat robototexnikasi va uskunasozlikda 3 milliard dollarlik 45 ta loyiha bajariladi.

​Shuningdek, transport va elektromobillar uchun elektrotexnika mahsulotlari boʻyicha 650 million dollarlik 9 ta, elektron komponentlar va mikroelektronika boʻyicha 3,5 milliard dollarlik 21 ta, maishiy texnika sohasida 600 million dollarlik 19 ta loyiha nazarda tutilgan.

​Har bir yoʻnalishga masʼul rahbarlar va asosiy buyurtmachilar biriktiriladi. Ularga tayanch investorlarni jalb qilish, ilmiy markazlar va texnika oliygohlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid