Erkinjon Turdimov beshta rektorni ishdan olganini rad etdi
Vazir rektorlarga faqat ogohlantirish berilganini bildirdi.

Taʼlim va fan vaziri oliy taʼlim muassasalaridagi 5 rektorni lavozimidan olgani haqida xabarni rad etdi. Erkinjon Turdimov samarqandlik jurnalist Karimberdi Toʻramurodga bergan intervyusida bu haqda gapirgan.
Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, taʼlim va fan vaziri Erkinjon Turdimov 6 noyabr kuni oʻtkazgan yigʻilishda bir qator universitet rektorlari, xususan, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Toʻxtasinov va Samarqand davlat chet tillari instituti rektori Bahodir Holiqovni lavozimidan ozod etgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Vazir buni inkor etib, rektorlarga faqat ogohlantirish berilganini bildirdi.
“Avvalo, men hali beshta rektor emas, bittasini ham ishdan olmadim. Yigʻilishda beshta emas, toʻrtta rektorni qattiq ogohlantirdim. Vazirlikda maxsus ishchi guruh tuzildi. Bu masala bilan ana shu katta va nufuzli guruh shugʻullanadi. Qaysi rektor qolish-qolmasligi ishchi guruhning haqqoniy xulosasi asosida boʻladi”, dedi Erkinjon Turdimov.
Uning qayd etishicha, maqtalgan institutning (jurnalist ular qaysiligini ochiqlamagan) saralangan 10 nafar talabasidan ularning bilim darajasini aniqlovchi standart test olingan. Saralangan, rektorning oʻzi eng aʼlochi talabalarim, deb olib kelgan 10 talabaning birortasi uch baho ham ololmagan.
Avvalroq OAVda beshta rektor ishdan olingani xabar qilingandi.





