Elektrotexnika sohasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 50 trillion soʻmga yetdi
Mazkur koʻrsatkich 2016 yilda 1,7 trillion soʻm boʻlgan. Investitsiyalar 600 million dollarga, eksport esa 1 milliard 600 million dollarga yetkazildi. Oʻtgan davrda eksport hajmi 14 barobar oʻsdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkor va investorlar bilan muloqot oʻtkazmoqda.
Keyingi oʻn yilda elektrotexnika sanoatida katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Sohaga 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar, yuqori kuchlanishli transformatorlar kabi 100 dan ortiq turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Natijada joriy yilda sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 50 trillion soʻmga yetdi. Mazkur koʻrsatkich 2016 yilda 1,7 trillion soʻm boʻlgan. Investitsiyalar 600 million dollarga, eksport esa 1 milliard 600 million dollarga yetkazildi. Oʻtgan davrda eksport hajmi 14 barobar oʻsdi.
Davlatimiz rahbari bu mavjud imkoniyatlarga nisbatan kam ekanini, sohani yanada jadal rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Elektrotexnika sanoati uchun asosiy xomashyolardan biri boʻlgan mis ishlab chiqarishni oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Ushbu loyiha hisobiga mis ishlab chiqarish hajmi 300 ming tonnaga, 2030 yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkaziladi.
Mamlakatimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash quvvatlari barpo etilmoqda, hududlarda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Kelgusi oʻn yilda hamkorlar bilan 450 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Bu – elektrotexnika mahsulotlari uchun ham ulkan va uzoq muddatli bozor. Mamlakatimizda mis va muhim minerallar zaxiralari, salohiyatli yoshlar, tajribali tadbirkorlar hamda hamkorlikka tayyor investorlar bor. Endi ushbu imkoniyatlarni yangi texnologiya va ishlanmalar bilan birlashtirish muhimligi qayd etildi.





