"Davomat 50 foizni ham tashkil qilmayapti": Turdimov maktablardagi holatga toʻxtaldi
Hozir Toshkentda tajribadan oʻtkazilayotgan har bir maktab, har bir sinfda raqamlashtirilgan kuzatuv tizimi butun Respublikada joriy qilinadi.

Taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov bugun maktablarda davomat masalasi haqida gapirdi. Vazir hozirda davomat 50 foizni ham tashkil qilmayotganini aytdi.
Vazir bilan suhbatlashgan jurnalist maktablarda darsga kelmaydigan oʻquvchilar bilan ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari shugʻullanayotganiga qanday munosabatda ekanini soʻradi.
“Biz oʻquvchini maktabga qaytarishimiz kerak. Tushuntirish, targʻibot bilan boʻlmagandan keyin ichki ishlar xodimlarini jalb etishga majbur boʻldik”, deb javob berdi Erkinjon Turdimov.
U Sirdaryo viloyatida ishlagan davrida har bir maktabdagi davomatni shaxsan nazorat qilgani va ichki ishlar organlari xodimlari yordamida koʻrsatkichni 80 foizga yetkazganini aytdi. Davomatni bundan ortiq koʻtarish imkoni boʻlmaganini, oʻquvchilarning taxminan 10 foizi bozor-oʻcharga, pul topishga chiqib ketgan boʻlsa, yana shunchasi boshqa shaharlarga, masalan, Qorakoʻldagi matematika maktabiga yoki poytaxtdagi oʻquv markazlariga, repititorlardan dars olgani chiqib ketgani bildirdi.
“Ota-onasiga ‘Bolangizni topib bering, maktabga borsin’, desak, ‘Maktabda oʻqisa, universitetga kirolmaydi, bolam repititorda oʻqiyapti, uni bezovta qilmang’, deydi. Maktablarda oʻqitish sifatini ham yaxshilash kerak. Aks holda, davomatni 100 foiz qilib boʻlmaydi”, deb taʼkidladi taʼlim va ilm-fan vaziri.
Hozir Toshkentda tajribadan oʻtkazilayotgan har bir maktab, har bir sinfda raqamlashtirilgan kuzatuv tizimi butun Respublikada joriy qilishini maʼlum qildi.
“Shunda har bir sinfda nechta oʻquvchi oʻtirganini, oʻqituvchi qanday dars oʻtayotganini oʻzim ham bemalol koʻrib turaman. Oʻquvchini maktabga qaytaramiz”, dedi Erkinjon Turdimov.





