Uy talashib, ota-onasini yoqib yuborishga uringan erkakka hukm oʻqildi
U ota-onasi yotoqxonada ekanidan foydalanib, xona eshigini qulflagan. Keyin xonadonning dahliz qismiga benzin sepib, oʻt qoʻygan va voqea joyidan qochib ketgan.

Buxoroda onasiga tegishli xonadonni oʻz nomiga rasmiylashtirishni talab qilib, rad javobini olgach, ota-onasini yoqib yuborishga uringan erkak 15 yilu 6 oyga qamaldi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatiga asoslanib xabar berdi.
Aniqlanishicha, 1997 yilda Buxoro shahrida tugʻilgan X.N. xususiy korxonalardan birida haydovchi boʻlib ishlagan. U muqaddam sudlanmagan, oilali va bir nafar farzandi bor.
2026 yil 15 may kuni soat taxminan 21:18 da X.N. onasi X.A.dan Buxoro shahridagi xonadonni oʻz nomiga oʻtkazib berishni talab qilgan. Onasi bunga rozi boʻlmagach, ular oʻrtasida janjal kelib chiqqan. Shundan soʻng ayol 112 qisqa raqami orqali ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
Murojaat Buxoro shahar ichki ishlar organlari tomonidan koʻrib chiqilayotgan vaqtda X.N. xodimlarga onasi bilan yarashganini bildirgan. Bu boʻyicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Biroq oradan koʻp vaqt oʻtmay, uy-joy masalasida yana kelishmovchilik kelib chiqqan. X.N. xonadonni oʻz nomiga rasmiylashtira olmagani, shuningdek, ota-onasi uning turmush oʻrtogʻini doimiy ravishda kamsitib kelgani bilan bogʻliq kelishmovchiliklar ortidan gʻazablanib, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasidan 1,5 litrli plastik idishda benzin, doʻkondan esa gugurt sotib olgan.
Oʻsha kuni soat taxminan 23:20 da u ota-onasi bilan uy-joy masalasida yana gaplashgan. Suhbat davomida onasi xonadonni uning nomiga oʻtkazib berishdan yana bosh tortgan va janjal qayta avj olgan.
Shundan soʻng X.N. avtomobilidagi benzin va gugurtni olib kelgan. Ota-onasi yotoqxonada ekanidan foydalanib, xona eshigini qulflagan. Keyin xonadonning dahliz qismiga benzin sepib, oʻt qoʻygan va voqea joyidan qochib ketgan.
Yongʻin boshlangach, jabrlanuvchilar yotoqxona eshigini sindirib chiqishga muvaffaq boʻlgan. Ular atrofdagilar yordamida xonadondan tashqariga olib chiqilgan.
Hodisa oqibatida ota-ona tanasining turli qismlaridan kuyish jarohatlari olgan. Ularga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilib, hayoti saqlab qolingan.
Yongʻin natijasida onasiga tegishli xonadonga 75 million 570 ming soʻm, koʻp qavatli uyning kirish yoʻlagiga 11 million 441 ming soʻm, boshqa xonadon egalariga esa 5 million 386 ming soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudining 2026 yil 21 sentabrdagi hukmi bilan X.N. Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi «a», «v», «d», «j», «i» bandlari (Qasddan odam oʻldirish) hamda 173-moddasi 2-qismi «b» bandi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan aybli deb topilgan.
Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolar qisman qoʻshilib, uzil-kesil 15 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
X.N. hukmdan norozi boʻlib, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bergan. Ammo uning daʼvosi qanoatlantirilmadi.





