Samolyotda bemor ayol hayotini saqlab qolgan shifokor taqdirlandi
Shifokor Hasan Kamilov "Xalq salomatligi posboni" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. 13 oktabr kuni Seulga uchgan samolyot bortida kutilmagan holat yuz bergandi.

Toshkentdan Seulga uchgan samolyot bortida ogʻir shok holatiga tushib qolgan ayolning hayotini saqlab qolgan oʻzbekistonlik shifokor Hasan Kamilov "Xalq salomatligi posboni" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, voqea shu yil 13 oktabr kuni sodir boʻlgan. Parvoz vaqtida yoʻlovchi ayolning ahvoli toʻsatdan ogʻirlashgach, ekipaj tibbiy yordam koʻrsatish uchun shifokor chaqirgan. Hamyurtimiz bemorning oldiga borganida uning ahvoli ogʻir boʻlib, tanasi sovigan va koʻkarish belgilari kuzatilgan.
Samarqand shahridagi xususiy klinika rahbari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti izlanuvchisi, ayni paytda Koreya Respublikasidagi Chungbuk universitetida malaka oshirayotgan tajribali otorinolaringolog Hasan Kamilov bemorga zudlik bilan yordam koʻrsatgan. U oʻzi bilan olib yuradigan shoshilinch tibbiy yordam vositalari, shuningdek, "Oʻzbekiston havo yoʻllari" ekipaji taqdim etgan kislorod niqobi va tibbiy jihozlardan foydalangan. Natijada ayolning hayoti saqlab qolingan.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Hasan Kamilovga sohadagi fidokorona mehnati va samolyot bortida koʻrsatgan yordami uchun "Xalq salomatligi posboni" koʻkrak nishoni topshirildi. Shifokor esa bu voqeani qahramonlik emas, balki kasbiy burchi va kundalik mehnatining bir qismi sifatida baholagan.





