"Oʻlik" quduqlarga ikkinchi nafas: "Oʻzbekneftgaz" quduq taʼmirlashda zamonaviy yechimlarni qoʻllamoqda
Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginovning tashabbusi bilan tizimda uzoq yillar yangilanmay kelgan eskirgan va imkoniyatlari cheklangan texnika parkini tubdan modernizatsiya qilish boʻyicha amaliy qadam qoʻyildi.

Inson salomatligida nuqson sezilsa, salohiyatini toʻla roʻyobga chiqara olmasa zamonaviy tibbiyotga murojaat qilinadi va tezda davolanadi. Shundagina yana bor kuch va imkoniyatni ishga solib samaradorlik ortadi. Yer qaʼrining minglab metr chuqurligida joylashgan, yillar davomida xalqimiz xonadonlariga olov ulashgan gaz qudugʻi "xastalanib", kutilmaganda suv bosib qolsa yoki mahsuldorligi tugasa ham xuddi shunday munosabat zarur. Ilgari bunday quduqlar ustiga "qopoq" yopilib, tuproq tortilgan. Bugun esa bu tamoyil butunlay oʻzgardi.
"Oʻzbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginovning tashabbusi bilan tizimda uzoq yillar yangilanmay kelgan eskirgan va imkoniyatlari cheklangan texnika parkini tubdan modernizatsiya qilish boʻyicha ulkan amaliy qadam qoʻyildi.
Xitoyning nufuzli neft-gaz uskunalari ishlab chiqaruvchi zavodi — "Erjineftemash" bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, yuk koʻtarish quvvati 135 tonnaga teng boʻlgan 4 ta eng zamonaviy ZJ20 taʼmirlash-koʻtarma agregati xarid qilinmoqda. Ulardan dastlabki 2 tasi Ustyurtning qahraton choʻl hududiga olib kelinib, "Shimoliy Berdaq" konining 13-sonli qudugʻida toʻliq montaj qilindi va ishga tushirildi.
Ilmiy-geologik sensatsiya: 100% suvlangan quduqni qayta tiklash imkoniyati
Qayd etish joizki yangi ZJ20 dastgohlarining eng katta siri — ularning qiya yoʻnaltirilgan oʻzan burgʻilash (yon stvol ochish) imkoniyatidir. Ilgari suv bosgan yoki bosimi tushgach, tashlab qoʻyilgan quduqlarga eski texnika bilan yaqinlashib boʻlmas edi. ZJ20 esa suvlangan qatlamlarni chetlab oʻtib, yangi istiqbolli gaz qatlamlariga kirib boradi va «oʻlgan» quduqdan yana sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimini tiklaydi. Bu — millionlab kubometr qoʻshimcha gaz demakdir.
Burgʻilashda tezlik 5-10 barobar oshadi
Sohada 17 yillik tajribaga ega burgʻilovchi Bahodir Musurmonov yangi uskunani koʻrib hayratini yashirmadi: — Oldingi eski stanoklarda koʻtarish-tushirish amaliyoti cheklangan edi (15 metrgacha). Yangi ZJ20 da esa bu 25 metrgacha yetkazildi, ish tezligi va samaradorligi 5-10 barobargacha ortdi! Ayniqsa, konditsionerli kabina va kameralar qoʻshimcha qulaylik: kabinadan chiqmasdan turib yuqori bosimli burgʻilash nasoslari va sirkulyatsion eritmalarni monitorda bemalol kuzatamiz.
Mazkur ZJ20 dastgohlari yuqori mobil xususiyatga ega. Bitta quduq davolangach, uskuna darhol navbatdagi obʼektga koʻchiriladi. Bu esa ishlab chiqarish uzluksizligini kafolatlaydi.
Boshqaruv raisining bu tashabbusi nafaqat tabiiy gaz qazib chiqarishni koʻpaytiradi, balki ogʻir Ustyurt choʻli sharoitida fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar uchun xalqaro darajadagi munosib mehnat sharoitlarini yaratib beradi.





