Firibgarlikda ayblangan shaxs Turkiyadan Oʻzbekistonga keltirildi
U fuqarolarning ishonchiga kirib, hamkorlikda biznes qilish taklifi bilan katta miqdordagi mablagʻni oʻzlashtirishda gumonlangan.

Firibgarlikda gumonlayotgan yana bir oʻzbekiston fuqarosi Turkiyada qoʻlga olinib, vatanga qaytarildi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, qidiruvda boʻlgan ushbu fuqaro 1991 yilda tugʻilgan M.N. boʻlib, fuqarolarning ishonchiga kirib, hamkorlikda biznes qilish taklifi bilan katta miqdordagi mablagʻni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritishda gumonlanmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.





