Toshkentga uchgan samolyotda janjal koʻtargan rossiyalik qamaldi
Huquqbuzar parvoz vaqtida bort kuzatuvchisidan spirtli ichimlik berishni soʻragan, ammo mastligi sababli rad javobini olgan.

Toshkentga uchgan samolyotda janjal koʻtargan rossiyalik 7 sutkaga qamaldi.
Rossiya fuqarosi Malayziyadan Toshkentga uchib kelayotgan samolyotda mast holda janjal koʻtarib, bort kuzatuvchilar va yoʻlovchilarni haqorat qilgan. Janjal bort kuzatuvchisi unga spirtli ichimlik berishni rad etganidan keyin boshlangan.
Sud majlisida V.K. aybiga iqror boʻlgan. Uning aytishicha, parvoz vaqtida bort kuzatuvchisidan spirtli ichimlik berishni soʻragan, ammo mastligi sababli rad javobini olgan. Shundan keyin ular oʻrtasida tortishuv kelib chiqqan.
Samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga qoʻnganidan keyin yoʻlovchi ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan haqoratli soʻzlar ishlatishda davom etgan: oʻziga tegishli qoʻl yukini samolyot trapidan yerga uloqtirib, tepgan.
Sud yoʻlovchini mayda bezorilik va ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslikda aybdor deb topdi. Unga 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.





