Tibbiyotga ajratilayotgan mablagʻlar 49 trillion soʻmga yetdi
Kelgusi yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xalqaro standartlarga muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. 2027–2028 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash toʻliq rezidentura dasturlari orqali amalga oshiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini tabrikladi.
Keyingi yillarda sohaga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi 7 barobar koʻpaytirilib, joriy yilda 49 trillion soʻmga yetkazildi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanib, ularning faoliyatiga eng zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalari, innovatsion yondashuvlar keng tatbiq qilinmoqda.
Joylarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish boʻyicha yangi model bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Infarkt va insultga qarshi kurashish, onkologik va gematologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, palliativ yordamni rivojlantirish borasida ilk bor oʻz milliy tizimi barpo etilgani ham diqqatga sazovordir.
Poliklinika va shifoxonalar, xususiy klinika va dorixonalarni yagona raqamli tizimga birlashtirilgani, DMED elektron axborot tarmogʻi orqali 38 milliondan ziyod aholining tibbiy kartasi yaratilgani, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron retsept” tarmoqlari yoʻlga qoʻyilayotgani xizmat koʻrsatish sifati va samarasini tubdan oshirmoqda. Endi, sunʼiy intellektni shifokor va hamshiralarga xizmat qiladigan koʻmakchiga aylantirib, bu tizim imkoniyatlarini yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.
Taʼlim va ilm-fan rivojiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli 2017 yildan buyon tibbiyot oliygohlariga qabul kvotasi 4,5 karra koʻpaydi. Ularning 40 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Ilgari bu oliygohlarga 4 ta davlatdan talabalar kelib oʻqigan boʻlsa, hozir bu raqam 41 taga yetdi, chet ellik talabalar soni esa 15 ming nafardan oshdi.
Kelgusi yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xalqaro standartlarga muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. 2027–2028 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash toʻliq rezidentura dasturlari orqali amalga oshiriladi.
Xususiy tibbiyot tarmogʻi jadal rivojlanib, sohada sogʻlom raqobat, tanlash imkoniyati paydo boʻlmoqda. Buni yurtimizdagi xususiy klinikalar soni soʻnggi oʻn yilda 3 ming 500 tadan 9 mingdan ziyodga oshgani, ularga ruxsat etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar turi 50 tadan 213 taga yetgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalar hajmi kengaymoqda. Mahalliy korxonalarda 6 ming 800 dan ortiq turdagi dori vositalari tayyorlanmoqda. Farmatsevtika mahsulotlari 50 dan ziyod mamlakatga eksport qilinmoqda.
Mamlakatimizda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 73,8 yoshdan 75,4 yoshga yetgani biz uchun eng muhim koʻrsatkichdir. Oldimizda ushbu raqamni 78 yoshga yetkazish, kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qoʻyish va samarali davolash sohasidagi ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha katta vazifalar turibdi.
"Yaqinda soha vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda ana shu masalalar haqida, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida batafsil gaplashib oldik. Bunday dolzarb vazifalarni hal etishda sizlar yanada yuksak samara bilan mehnat qilib, sohani jadal rivojlantirishga bundan buyon ham munosib hissa qoʻshasiz, deb ishonaman", deya taʼkidlanadi Prezident xabarida.





