platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Sport

Svidler Sindarovni Gukeshga qarshi jahon chempionligi bahsida favorit deb hisobladi

Rossiyalik grossmeyster Pyotr Svidler jahon chempionligi uchun boʻlajak bahsda Javohir Sindarovning imkoniyatlarini 55 foiz, amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshnikini esa 45 foiz deb baholadi.

Svidler Sindarovni Gukeshga qarshi jahon chempionligi bahsida favorit deb hisobladi
Foto: Lennart Ootes/Grand Chess Tour

Rossiyalik grossmeyster Pyotr Svidler oʻzbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarovni amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi boʻlajak bahsda favorit deb hisoblamoqda.

Uning fikricha, Sindarovning gʻalaba qozonish imkoniyati 55 foizni, Gukeshning imkoniyati esa 45 foizni tashkil etadi.

Svidler Sindarovning imkoniyatlarini yuqoriroq baholadi

FIDE matbuot xizmatiga koʻra, Pyotr Svidler Sindarovga katta ustunlik berish toʻgʻri boʻlmasligini, biroq oʻzbekistonlik shaxmatchini biroz ustun koʻrishini taʼkidladi.

«Men Sindarov foydasiga 55 ga 45 nisbatini berishga tayyorman. Ammo bundan koʻproq ustunlik bermagan boʻlardim», — dedi rossiyalik grossmeyster.

Svidlerning qayd etishicha, Gukesh soʻnggi bir yarim yil davomida murakkab davrni boshdan kechirgan. Shunga qaramay, hindistonlik shaxmatchi hamon juda kuchli oʻyinchi hisoblanadi. Bundan tashqari, jahon chempionligi uchun kechadigan bahslar oʻziga xos bosim va alohida tayyorgarlikni talab qiladi.

Sindarov reytingda ham Gukeshdan yuqorida

Javohir Sindarov jahon chempionligi uchrashuvi arafasida oʻzining yaxshi sport formasini namoyish etmoqda. U yaqinda Sent-Luisda oʻtkazilgan nufuzli shaxmat turnirida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, oʻzbekistonlik grossmeyster FIDE jahon reytingida ham Dommaraju Gukeshdan yuqoriroq oʻrinni egallab turibdi.

Jahon chempionligi bahsi 22 noyabrda boshlanadi

Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh oʻrtasidagi jahon chempionligi uchrashuvi 22 noyabrdan 13 dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

Bahs klassik vaqt nazorati asosida 14 ta partiyadan iborat boʻladi. Agar asosiy uchrashuv durang bilan yakunlansa, jahon chempioni tay-breyk bahslarida aniqlanadi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid