Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi gʻoliblarini tabrikladi
Masalan, qashqadaryolik Kumush Koʻchkinova qatʼiy iroda koʻrsatib, bir yoʻla sportning ikki turi – dzyudo va kurash boʻyicha oltin medallarni qoʻlga kiritdi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi sport musobaqalarining gʻoliblari va ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.
Bu oʻyinlar Yangi Oʻzbekistonda olimpiya harakatini yanada rivojlantirish borasida mutlaqo yangicha yondashuv va milliy tajriba asosida tashlangan ulkan amaliy qadam sifatida ham alohida ahamiyatga ega.
Ikki haftadan ortiq vaqt mobaynida kechgan murosasiz bellashuvlarda qayd etilgan yuqori natija va rekordlar musobaqalarga boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi.
Ayniqsa, qashqadaryolik Kumush Koʻchkinova qatʼiy iroda koʻrsatib, bir yoʻla sportning ikki turi – dzyudo va kurash boʻyicha oltin medallarni qoʻlga kiritib, oʻz muxlislariga yorqin hayajonli daqiqalarni taqdim etdi.
Toshkentlik Aisha Yenina esa badiiy gimnastikaning yakka koʻpkurash, tasma va toʻp bilan mashqlarida – uchta oltin, shuningdek, halqa yoʻnalishida – kumush, bulavalar bilan mashqda bronza medalini qoʻlga kiritib, oʻz nomini ushbu oʻyinlar tarixiga muhrlab qoʻydi.
Shiddatli bahslarda yana bir qancha yoshlarimiz ham rekord natijalarga erishib, Yangi Oʻzbekistonda qanday isteʼdodli avlod voyaga yetib kelayotganini namoyon etishdi.
Xususan, Toshkent viloyati vakili – ogʻir atletikachi Mushtariy Oʻrolova 60 kilogrammdan yuqori vazn toifasida dast koʻtarishda 109 kilogramm, siltab koʻtarishda 136 va ikki kurash yakuniga koʻra 245 kilogramm natija bilan jahon rekordini oʻrnatganini, Sherdor Eshpoʻlatov, Ikrom Moʻminboyev, Behroʻz Hasanov, Soliha Bahodirova, Dilfuza Yoʻldosheva, Zuhra Ibrohimova esa ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston rekordini yangilagani hamda parasuzish boʻyicha andijonlik Hikmatulla Haydaraliyev, qoraqalpogʻistonlik Shahnoza Yerejepbayeva 4 ta oltin medalni qoʻlga kiritganini faxr bilan qayd etish mumkin.
Sirdaryolik yengil atletikachi qizimiz Durdona Jumanqulova uch kurash bellashuvlarida 2014 ochko jamgʻardi.
"Tilagim – OʻZ kuchingizga boʻlgan ishonchni hech qachon yoʻqotmang, OʻZ ustingizda ishlashdan aslo toʻxtamang! Haqiqiy chempionlar, chinakam alp pahlavonlar faqat gʻalaba bilan emas, balki qiyinchiliklarni mardona yengib, maqsad sari qatʼiy intilishi bilan ham ibrat va namuna koʻrsatadi", deydi Prezident.





