Keniyada 191 kishini oʻldirgan diniy sekta yetakchisi 200 yilga qamaldi
Pol Makkenzi oʻz izdoshlariga "Iso bilan uchrashuv"ni vaʼda qilib, ochlikka majburlagan. U bir necha yuz dindorni oʻrmonga majburan olib kirgan, ularga ovqat yeyishni man etgan.

Mombasa Oliy sudi "Yaxshi yangiliklar xalqaro cherkovi" yetakchisi Pol Makkenzini 191 kishini, jumladan, 190 nafar bolalarni oʻldirgani uchun 200 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Associated Press maʼlumotlariga koʻra, Makkenzining 28 nafar sheriklari va izdoshlari 10 yildan 160 yilgacha boʻlgan qamoq jazosiga hukm qilindi.
Pol Makkenzi oʻz izdoshlariga "Iso bilan uchrashuv"ni vaʼda qilib, ochlikka majburlagan. U bir necha yuz dindorni oʻrmonga majburan olib kirgan, ularga ovqat yeyish yoki bolalarini boqishga ruxsat bermagan. Charchoq va kaltaklanishdan oʻlganlar oʻrmonda koʻmilgan. Sudya Diana Kavedza Pol Makkenzi aybdor deb topilgan 191 kishidan 161 nafari toʻqqiz yosh va undan kichik bolalar ekanligini aytdi. 182 bola va bitta voyaga yetgan shaxs ochlikdan oʻlgan, qolgan bolalar esa boʻgʻib oʻldirilgan yoki kaltaklangan. Makkenzi 2023 yilda hibsga olingan.
Tergov davomida Kilifi okrugidagi oʻrmonda 400 dan ortiq jasad topilgan. Baʼzi qabrlardan qoʻl va oyoqlari bogʻlangan bir nechta bolalar jasadlari topildi. 2026 yil oktabr oyida Mombasadagi sud Makkenzi va uning 28 sherigini oʻlimda aybdor deb topdi.
Prokuratura oʻlim jazosini talab qildi. Shuningdek, voiz va uning sheriklariga qarshi Keniyaning boshqa sudlarida yana 200 dan ortiq odamning oʻlimi, bolalarga nisbatan zoʻravonlik va qiynoqlar boʻyicha sud daʼvolari qoʻzgʻatilgan.





