platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Bekoboddagi korxona havoni meʼyordan 1 533 barobar koʻp ifloslantirgani aniqlandi

Toshkent viloyatidagi «M.K.» sanoat korxonasida oʻtkazilgan ekologik tekshiruv davomida atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori belgilangan meʼyorlardan bir necha barobar yuqori ekani maʼlum boʻldi. Korxonaga 1,63 milliard soʻmdan ortiq kompensatsiya toʻlovi belgilandi.

Bekoboddagi korxona havoni meʼyordan 1 533 barobar koʻp ifloslantirgani aniqlandi
Foto: Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi

Bekobod shahrida faoliyat yuritayotgan sanoat korxonasi atmosferaga meʼyordan ortiq miqdorda zararli moddalar chiqarib kelgan. Laboratoriya tahlillari elektrda poʻlat eritish sexida oltingugurt dioksidi meʼyordan 1 533 barobar, uglerod oksidi esa 20 barobar yuqori boʻlganini koʻrsatdi. Aniqlangan qonunbuzilishlar uchun korxonaga 1 milliard 630 million 920 ming 419 soʻm kompensatsiya toʻlovi belgilandi.

Zararli moddalar miqdori meʼyordan keskin oshgan

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Ekologik politsiya xodimlari tomonidan Bekobod shahridagi «M.K.» korxonasi faoliyati oʻrganildi.

Tekshiruv davomida korxonaning elektrda poʻlat eritish va ferroqotishmalar ishlab chiqarish boʻlinmalarida atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan meʼyorlardan sezilarli darajada yuqori ekani aniqlandi.

Xususan, elektrda poʻlat eritish boʻlinmasida noorganik chang miqdori meʼyordan 2,4 barobar, oltingugurt dioksidi 1 533 barobar, uglerod oksidi esa 20 barobar ortiq boʻlgan.

Ferroqotishmalar ishlab chiqarish boʻlinmasida ham shunga oʻxshash holatlar qayd etilgan. Bu yerda noorganik chang meʼyordan 24,9 barobar, azot dioksidi 2,12 barobar, uglerod oksidi esa 23,3 barobar yuqori ekani aniqlangan.

Tekshiruvda elektrda poʻlat eritish sexidagi chang-gaz tozalash uskunalari samarali ishlamayotgani ham maʼlum boʻlgan. Natijada zararli moddalarning bir qismi toʻgʻridan-toʻgʻri atmosferaga chiqib ketgan.

Korxonaga 1,63 milliard soʻm kompensatsiya toʻlovi belgilandi

Oʻrganishlar davomida korxonada ekologik ekspertiza xulosalarida belgilangan talablar toʻliq bajarilmagani ham aniqlangan. Ayrim ifloslantiruvchi manbalarda avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari oʻrnatilmagan, laboratoriya nazorati ham yetarli darajada tashkil etilmagan.

Aniqlangan qonunbuzilishlar asosida hisob-kitob qilinib, korxonaga atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 1 milliard 630 million 920 ming 419 soʻm kompensatsiya toʻlovi belgilandi.

Bundan tashqari, korxonaga qonunbuzilishlarni bartaraf etish boʻyicha majburiy koʻrsatmalar berilgan. Unga koʻra, chang-gaz tozalash uskunalarining filtrlarini toʻliq almashtirish, ularning samaradorligini kamida 95 foizga yetkazish, laboratoriya nazoratini kuchaytirish hamda asosiy ifloslantiruvchi manbalarga avtomatik monitoring stansiyalarini oʻrnatish talab etilgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid