platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jahon

AQSh vitse-prezidenti Eron bilan urushni ochiqchasiga tanqid qildi

Jey Di Vens AQSh prezidenti Donald Tramp boshlagan Eron bilan urushni tanqid qildi. Uning fikricha saylovda respublikachilarining yutqazishiga Eron bilan boʻlayotgan urush sabab boʻlgan.

AQSh vitse-prezidenti Eron bilan urushni ochiqchasiga tanqid qildi

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Donald Tramp boshlagan urushni ochiqchasiga taniq qildi. Bu holat Respublikachilar partiyasining Kongressda boʻlib oʻtgan oraliq saylovlarida magʻlubiyatga uchraganidan keyin sodir boʻldi. Bu haqda “The Washington Post” xabar qildi.

Nashrining yozishicha, Vens mazkur bayonotni eʼlon qilishdan oldin mamlakat prezidenti bilan maslahatlashmagan boʻlishi mumkin. Vitse-prezidentning bu bayonoti “Trampdan siyosiy jihatdan uzoqlashishga harakat qilayotgani haqidagi taxminlarni keltirib chiqardi”, deya yozadi nashr.

Vens X ijtimoiy tarmoqda qoldirgan bayonotida Respublikachilar partiyasining saylovdagi magʻlubiyatiga Eron bilan bogʻliq ommabop boʻlmagan urush sabab boʻlganini taʼkidladi.

“Agar siz bu urush bunga arzirdi, keyingi olti yil davomida Senatdagi koʻpchilik oʻrnini yoʻqotish ham shunga arzirdi, deb hisoblasangiz, marhamat”, – deb yozgan Vens.

Biroq Tramp Eron bilan urushni boshlash toʻgʻri qaror boʻlganini taʼkidlashda davom etgan. 4-noyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatda: “Eron masalasida biz buni qilishimiz kerak edi va hozir ham shu ishni davom ettiryapmiz”, – degan u.

Shuningdek, Tramp oʻsha kuni ertalab Vens bilan gaplashganini maʼlum qilgan. Vitse-prezidentning bayonoti haqidagi savolga javob berar ekan, uning pozitsiyasini tushunishini aytgan va: “Menimcha, bu yaxshi boʻldi”, deya munosabat bildirgan. Tramp urush oraliq saylovlarga taʼsir qilishini bilganini ham tan olgan, biroq oʻz qarorlarini himoya qilgan.

Qayd etilishicha, AQShning xorijdagi harbiy aralashuvlariga nisbatan uzoq vaqtdan beri ehtiyotkor pozitsiyani qoʻllab kelgan Vens Tramp Eron bilan urushni boshlaganidan keyin uni himoya qilishda faollik koʻrsatmagan. U hatto harbiy harakatlarni tugatishga qaratilgan urinishlarda ham ishtirok etgan, ammo bu tashabbus muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Vens 2028 yilda boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida koʻrsatilishi mumkin boʻlgan siyosatchilardan biri hisoblanadi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, uning urushni ochiq tanqid qilishi oʻzining mustaqil siyosiy pozitsiyasini shakllantirish va maʼmuriyatning omma orasida qoʻllab-quvvatlanmayotgan qarorlari uchun javobgarlikdan chetda qolishga urinish boʻlishi mumkin. Bunday qarorlar qatoriga migrantlarga qarshi reydlar va savdo bojlari ham kiradi.

Biroq Tramp bilan ochiq kelishmovchilikka borish Vens uchun xavfli boʻlishi mumkin. Chunki Prezident oʻz atrofidagi siyosatchilardan anʼanaviy ravishda sadoqat talab qiladi.

Maʼlumot uchun, 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkin boʻlgan yana bir nomzod sifatida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ham tilga olinmoqda.

Amerika ommaviy axborot vositalarida uning ehtimoliy isteʼfosi haqida taxminlar paydo boʻldi. Biroq Rubioning oʻzi bu xabarlarni rad etdi. U “The New York Times” nashriga bergan intervyusida oʻz ishini yaxshi koʻrishini aytgan, ammo prezidentlik saylovlarida ishtirok etish ehtimoli haqidagi savollarga hozircha aniq javob bermagan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid