Yangiyoʻlda mudhish jinoyat sodir etgan erkak umrbod qamaldi
U ayoli va qizini oʻldirib, qiziga nisbatan zoʻrlik ishlatgan va jasadini hojatxonaga tashlab yuborgan. Erkak ayblovlarni inkor qilsa-da, ish materiallari, guvohlar koʻrsatmalari va dalillar jinoyatda uning qoʻli borligini koʻrsatdi.

Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahrida dahshatli jinoyatga qoʻl urgan erkak jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Zamon dasturida lavhasida xabar berildi.
Sudlanuvchi H.Q. 2026 yil 7 iyun kuni tongda mast holatda turmush oʻrtogʻi yashab kelgan xonadonga borgan. Uy eshigini oʻzida boʻlgan kalit bilan ochib, ichkariga kirgan.
Erkak 24 yoshli turmush oʻrtogʻini rashk tufayli oʻldirishni maqsad qilgan. Soʻngra turmush oʻrtogʻining boshiga urib, boʻgʻib, qasddan oʻldirgan.
Janjal ovozidan uygʻongan, 2023 yilda tugʻilgan qizaloq ham otasining zoʻravonligiga duch kelgan. H.Q. qizini koʻrib, uni xonadon yotoqxonasiga olib kirgan. Soʻngra qizaloqqa zoʻrlik ishlatgan holda oʻz jinsiy ehtiyojini gʻayritabiiy usulda qondirgan.
Shundan keyin H.Q. jinoyatni yashirish maqsadida qizaloqning murdasini qora rangli sport sumkasiga joylab, otasi yashab kelgan uyga olib borgan hamda hojatxonaga tashlab yuborgan.
28 yoshli sudlanuvchi aybiga iqror boʻlmagan. Erkak ayblovlarni inkor qilsa-da, ish materiallari, guvohlar koʻrsatmalari va ashyoviy dalillar jinoyatda uning qoʻli borligini koʻrsatgan.
JIB Yangiyoʻl shahar sudi H.Q.ni turmush oʻrtogʻi va qizining oʻlimida aybli deb topgan. Sud hukmi bilan unga uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtash belgilangan.





