Toshkentda havo sifati "yashil" darajaga chiqdi
6 noyabr kuni yarim tundan keyin havo sifati yaxshilanib, tonggi soatlarda "oʻrtacha" darajada kuzatildi. Milliy havo sifati indeksi boʻyicha shahar oʻrtacha koʻrsatkichi yarim tungacha "sariq", soʻng "yashil" darajada boʻldi.

Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda. Xususan, 6 noyabrga oʻtar kechasi Toshkent shahrida havo sifati kechki soatlarda yomonlashdi. Soat 20:00 dan boshlab havo sifati Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) boʻyicha "nosogʻlom" darajaga yetdi.
Yarim tundan keyin esa havo sifati yaxshilanib, tonggi soatlarda "oʻrtacha" darajada kuzatildi. Milliy havo sifati indeksi boʻyicha shahar oʻrtacha koʻrsatkichi yarim tungacha "sariq", soʻng "yashil" darajada boʻldi.
Kechki soatlarda kuchsiz shamol mahalliy va qoʻshni hududlarda shakllangan atmosfera tashlamalari hamda PM zarrachalarining tarqalishini cheklab, ularning yer yuzasiga yaqin qatlamda saqlanib qolishiga sharoit yaratdi. Yarim tundan keyin sharqdan iliq va quruq havo kirib kelishi, shamol tezligining kuchayishi hamda havo almashinuvining yaxshilanishi natijasida PM zarrachalari tarqalib, havo sifati sezilarli yaxshilandi.
Shuningdek, "Ekologik monitoring milliy markazi" DM mutaxassislari tomonidan Toshkent shahri va Qibray tumanida havo sifati holati boʻyicha instrumental oʻlchovlar oʻtkazildi. Prognozlarga koʻra, bugun, 6 noyabr kuni Toshkent shahrida havo sifati Xalqaro AQI boʻyicha asosan "sezgir guruhlar uchun nosogʻlom", milliy indeks boʻyicha esa asosan "yashil", ayrim muddatlarda "sariq" darajada boʻlishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, hozirda havo sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Xususan, Ekologiya qoʻmitasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Toshkent shahrida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida belgilangan tartibda "N.H.P" MChJ faoliyati oʻrganildi. Oʻrganish davomida korxona tomonidan bir qancha ekologik talablarga rioya qilinmaganligi aniqlandi va chora koʻrilib, tegishli koʻrsatmalar berildi.
Bundan tashqari, Toshkentdagi yana bir qurilish obʼektida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar kuzatildi va kerakli choralar belgilandi. Shuningdek, brifing oʻtkazilib, oʻsimliklar qoldiqlarini yoqishning salbiy oqibatlari va qatʼiy javobgarlik belgilanganligi haqida jamoatchilikka axborot berildi.
Reyd va nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.





