Toshkentda buyurtma asosida odam oʻgʻirlashga uringanlar qoʻlga olindi
Jabrlanuvchi fuqaro nomaʼlum shaxslar uni avtomashinada olib qochgani, biroq qatʼiy qarshilik koʻrsatgani natijasida qochib qolganini bildirgan. Shundan soʻng oʻtkazilgan tezkor tadbirda ikki nafar gumonlanuvchi ushlangan.

Toshkent shahrida buyurtma asosida fuqarolarni oʻgʻirlashga uringan ikki nafar shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti eʼlon qilgan videoda gap boradi.
Murojaatchi fuqaro arizasida nomaʼlum shaxslar uni avtomashinada olib qochgani, biroq qatʼiy qarshilik koʻrsatgani natijasida qochib qolganini bayon qilgan. Shundan soʻng oʻtkazilgan tezkor tadbirda ikki nafar gumonlanuvchi ushlangan.
Aniqlanishicha, ular 2003 va 1998 yillarda Toshkent shahrida tugʻilgan boʻlib, avval Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan sudlangan. Gumonlanuvchilarga tegishli avtomashina koʻzdan kechirilganda, yukxonasidan oʻtkir tigʻli bolta topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Surishtiruv davomida ushlanganlar ayblovlarni tan olgan. Ularning telefonlari tekshirilganda Telegram messenjerida buyurtmachi bilan yozishmalar aniqlangan.
Yozishmalardan maʼlum boʻlishicha, gumonlanuvchilarga arizachini har qanday yoʻl bilan buyurtmachining oldiga olib borish topshirilgan. Shuningdek, ular yana bir fuqaroni ham majburan olib kelishi, agar bu uddalanmasa, uning boʻyniga elektroshoker bilan urib, hushsizlantirib boʻlsa ham yetkazishi kerak boʻlgan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam oʻgʻirlash) 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.





