Toshkent viloyatida 60 issiqxona tekshirildi: ularning barchasida kamchiliklar aniqlandi
Xususan, Zangiota tumanida 13 ta issiqxonaning 10 tasida filtr mavjud emas, 3 tasida ishlamaydi. Toshkent tumanida bu koʻrsatkich mos ravishda 9 ta va 3 tani, Qibray tumanida 11 ta va 3 tani tashkil etgan.

Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyoʻl va Yuqori Chirchiq tumanlarida jami 60 ta issiqxona tekshirilgan. Ularning barchasida tekshiruv vaqtida yoqilgʻi ishlatilmayotgani aniqlangan. Biroq 47 ta issiqxonada filtrlar mavjud emasligi, 13 tasida esa ishlamayotgani maʼlum boʻlgan.
Xususan, Zangiota tumanida 13 ta issiqxonaning 10 tasida filtr mavjud emas, 3 tasida ishlamaydi. Toshkent tumanida bu koʻrsatkich mos ravishda 9 ta va 3 tani, Qibray tumanida 11 ta va 3 tani tashkil etgan.
Yangiyoʻl tumanida tekshirilgan 10 ta issiqxonaning 8 tasida filtr yoʻqligi, 2 tasida ishlamayotgani aniqlangan. Yuqori Chirchiq tumanidagi 11 ta issiqxonadan 9 tasida filtr mavjud emas, 2 tasida esa nosoz.
Shuningdek, Toshkent shahrining Sergeli, Yangihayot, Shayxontohur, Olmazor, Yashnobod, Uchtepa va Yakkasaroy tumanlarida tungi reydlar oʻtkazilgan. Ularda 15 ta obʼekt, jumladan, bitta issiqxona, bitta sanoat korxonasi va 13 ta boshqa obʼekt faoliyati oʻrganilgan.
Umumiy hisobda poytaxt va viloyatda tekshirilgan 95 ta obʼektning 61 tasi issiqxona, bittasi sanoat korxonasi, 33 tasi esa boshqa obʼektlar hisoblanadi.
Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasi tahliliy laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan poytaxtning 10 ta kuzatuv nuqtasida atmosfera havosi tarkibi oʻrganilgan.
Koʻchma chang analizatori yordamida oʻtkazilgan oʻlchovlarda PM2,5 va PM10 mayda zarrachalari miqdori tekshirilib, barcha nuqtalarda koʻrsatkichlar belgilangan meʼyorda ekani aniqlangan.
Bundan tashqari, Yakkasaroy, Uchtepa, Olmazor, Yashnobod, Yangihayot va Sergeli tumanlarida havo sifati monitoringi uskunalari atrofidan hamda ishlab chiqarish korxonalari yaqinidan atmosfera havosi namunalari olingan.
Ekologiya qoʻmitasi atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik talablarga rioya etilishini taʼminlash va atrof-muhitga salbiy taʼsirning oldini olishga qaratilgan monitoring hamda nazorat tadbirlari davom ettirilishini maʼlum qilgan.





