platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Siyosat

Prezident Samarqanddagi uchrashuv ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

Davlat rahbarining qayd etishicha, hozirgi kunda geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, qarama-qarshiliklarning chuqurlashishi va qurolli mojarolarning avj olishi, afsuski, dunyodagi vaziyatning asosiy xususiyatlari boʻlib qolmoqda.

Prezident Samarqanddagi uchrashuv ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik masalalari boʻyicha ShHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.

Bugungi tadbirda ShHTga aʼzo davlatlar, kuzatuvchi va muloqot boʻyicha sherik mamlakatlarning maxsus xizmatlari rahbarlari va vakillari ishtirok etayotgani zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish borasidagi umumiy manfaatdorlikdan dalolat beradi.

Bu yil Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganining 25 yilligini nishonlamoqda. Chorak asrlik shakllanish va rivojlanish jarayonida tashkilot xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshma yondashuvlarni ishlab chiqishda samarali maydonga aylandi.

Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining hammuassisi boʻlgan davlat sifatida uning barqarorlikni saqlash va inklyuziv taraqqiyotni taʼminlash maqsadida aʼzo davlatlarni birlashtiruvchi koʻptomonlama noyob platforma sifatidagi rolini yanada kuchaytirish va faoliyatini kengaytirishga alohida ahamiyat beradi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, hozirgi kunda geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, qarama-qarshiliklarning chuqurlashishi va qurolli mojarolarning avj olishi, afsuski, dunyodagi vaziyatning asosiy xususiyatlari boʻlib qolmoqda.

Axborot xavfsizligini taʼminlash, muhim infratuzilmalarni himoya qilish va davlatning buzgʻunchi taʼsirlarning yangicha shakllariga nisbatan barqarorligi masalalari yanada dolzarb boʻlib bormoqda. Transmilliy tahdidlarning tabiati chuqur oʻzgarib bormoqda.

Kibermakon anʼanaviy usullar bilan birga tarmoq orqali hujumlar uyushtirilayotgan, jamoatchilik ongini boshqarish va yolgʻon axborot tarqatish kabi vositalar tobora faol qoʻllanayotgan asosiy toʻqnashuvlar maydoniga aylandi.

Terrorchi tashkilotlar raqamli muhitdan foydalanayotgani jiddiy tashvish uygʻotadi. Internet platformalari radikal gʻoyalarni targʻib qilish, yangi tarafdorlarni oʻz tomoniga ogʻdirish, moliyaviy mablagʻlar toʻplash hamda davlat chegaralarini tan olmaydigan ekstremistik birlashmalarni shakllantirish vositasiga aylanib bormoqda. Bunday sharoitda ayniqsa yoshlar aholining eng zaif toifasi boʻlib qolmoqda. Buzgʻunchi kuchlar yoshlar ongiga maqsadli ravishda taʼsir koʻrsatib, ularni oʻz jamoalariga jalb etmoqda, ijtimoiy ziddiyatlardan foydalanmoqda va toqatsizlik gʻoyalarini tarqatmoqda.

Bunday jarayonlar millatlararo va dinlararo totuvlikka putur yetkazishi, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga olib kelishi mumkin.

Shu bois yuzaga kelayotgan mojarolarga nafaqat tezkor munosabat bildirish, balki xavf-xatarlarning oldini olish – ularni aniqlash, oʻzaro axborot almashish, xavfsizlikni taʼminlash borasida milliy salohiyatni mustahkamlash va oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish lozim. "Bugungi muloqot sizlarga nafaqat dolzarb tahdid va xavf-xatarlarni har tomonlama muhokama qilish, balki xalqlarimizning xavfsizligi va davlatlarimizning barqaror taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan hamkorlikning amaliy yoʻnalishlarini belgilab olish imkonini beradi, deb ishonaman", deya taʼkidlaydi Prezident.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid