Prezident Markaziy Osiyo rahbarlarining sunʼiy intellekt sohasida xavfsizlik uchrashuvida ishtirok etdi
Davlatimiz rahbari maʼrifat va ilmga intilishdek gumanistik anʼanalarni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uygʻunlashtirish maqsadida “Inson manfaatlari yoʻlida raqamli taraqqiyot” tashabbusini ilgari surdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Aqaba jarayoni doirasidagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sunʼiy intellekt sohasida xavfsizlik masalalariga bagʻishlangan uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II, Ozarbayjon va Qirgʻizistonning yuqori darajali vakillari hamda boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.


Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, shuningdek, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan bogʻliq yangi xatar va tahdidlar masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, ayniqsa, yoshlar orasida radikallashuvning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezidentimiz oʻz nutqida xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda Aqaba jarayonining ahamiyatini yuksak baholadi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi insoniyat uchun ulkan imkoniyatlar yaratish bilan birga, yangi tahdidlarni ham yuzaga keltirayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan sifatli taʼlim va inson salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratish xavfsizlikning muhim poydevori ekani taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari maʼrifat va ilmga intilishdek gumanistik anʼanalarni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uygʻunlashtirish maqsadida “Inson manfaatlari yoʻlida raqamli taraqqiyot” tashabbusini ilgari surdi. Uning asosiy maqsadi sunʼiy intellekt salohiyatini bilimlarni keng tarqatish, oʻzaro ishonch muhitini mustahkamlash va shaxs kamoloti uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yoʻnaltirishdan iborat.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sunʼiy intellektni boshqarish masalalari boʻyicha global muloqoti qoʻllab-quvvatlandi.
Global saʼy-harakatlarga amaliy hissa qoʻshish maqsadida Oʻzbekistonda BMTning Aksilterror boshqarmasi mintaqaviy ofisini ochishga tayyorlik bildirildi. Ushbu ofis Markaziy Osiyo mamlakatlariga terrorchilik mazmunidagi materiallar haqida ogohlantirish kanallarini ishga tushirish va ularning faoliyatini taʼminlash, terrorizmni moliyalashtirish holatlarini aniqlash, mutaxassislar malakasini oshirish hamda bu jarayonlarda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatadi.
Shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida “Raqamli davrda jaholatga qarshi maʼrifat” xalqaro dasturini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. Uning asosiy vazifalari koʻp tilli axborot resurslarini yaratish, diniy arboblarni axborot muhitida faoliyat yuritishga tayyorlash, islom dinining insonparvarlik qadriyatlarini targʻib etayotgan yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat boʻladi.
Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida sunʼiy intellektning kelajagi nafaqat texnologik taraqqiyotga, balki undan qanday maqsadlarda foydalanishga ham bogʻliq ekanini taʼkidladi. Shu bois yangi texnologiyalarni tahdidlar manbaiga emas, balki tinchlik, xavfsizlik va inson taraqqiyotini taʼminlashning qudratli vositasiga aylantirish umumiy intilish boʻlishi lozimligi qayd etildi.





