Odam oʻldirishga daʼvat qilgan bloger qoʻlga olindi
Jarayonda video muallifining shaxsi aniqlanib, unga qonunchilikda belgilangan talablar va javobgarlik choralari tushuntirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, nafrat va qonunga zid chaqiriqlarni aks ettiruvchi videolavha jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Ushbu chiqishda boshqa bloger va xonanda Mubina Abbosxonovaga nisbatan zoʻravonlikka chaqiriqlar aks etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi. Jarayonda video muallifining shaxsi aniqlanib, unga qonunchilikda belgilangan talablar va javobgarlik choralari tushuntirildi.
Hozirda holat yuzasidan Olmazor tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.
Unutmaslik kerak: ijtimoiy tarmoqdagi har bir post, video va chaqiriq muallifning shaxsiy masʼuliyatini anglatadi. Qonunga zid kontentni yaratish va tarqatish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.





