IIV aholiga koʻmir va gaz yetkazib berishni nazorat qiladi
Maʼlum qilinishicha, soʻnggi bir oyda koʻmirni noqonuniy saqlash va sotish bilan bogʻliq 16 ta holat aniqlanib, 333,5 tonna koʻmir musodara qilingan va aholiga yetkazilgan. Shuningdek, suyultirilgan gaz bilan bogʻliq 374 ta qonunbuzarlik aniqlangan.

Oʻzbekistonda kuz-qish mavsumida aholiga gaz va koʻmirning oʻz vaqtida va toʻliq yetkazib berilishi, shuningdek, ularning talon-toroj qilinishiga yoʻl qoʻymaslik ustidan nazorat kuchaytiriladi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpoʻlatov ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda suyultirilgan gaz ballonlarini belgilangan grafik asosida yetkazish, aholidan asossiz toʻlov talab qilish va mahsulotni meʼyordan kam berish holatlarining oldini olish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Maʼlum qilinishicha, soʻnggi bir oyda koʻmirni noqonuniy saqlash va sotish bilan bogʻliq 16 ta holat aniqlanib, 333,5 tonna koʻmir musodara qilingan va aholiga yetkazilgan.
Shuningdek, suyultirilgan gaz bilan bogʻliq 374 ta qonunbuzarlik aniqlanib, 9 139 ta gaz balloni va qariyb 93 tonna suyultirilgan gaz noqonuniy muomaladan olingan.
Oʻtgan bir oy davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida aniqlangan korrupsiyaviy holatlarga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, koʻmir mahsulotini noqonuniy saqlash va oʻtkazish bilan bogʻliq jami 16 ta holatlar aniqlanib, jami 333 tonna 540 kg koʻmir mahsulotlari noqonuniy muomaladan musodara qilinib, aholiga ehtiyojlari uchun yetkazildi.
Shuningdek, suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash, oʻtkazish bilan bogʻliq jami 374 ta holat aniqlanib, noqonuniy muomaladan jami 9 139 dona gaz ballonlari hamda 92 tn 936 kg suyultirilgan gaz musodara qilinib, aholi isteʼmoli uchun qaytarish choralari koʻrildi.
Masalan, oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida joriy yilning oktabr oyida Samarqand viloyatida “Pastdargʻomtumangaz” gaz taʼminoti korxonasi xodimlari oldindan jinoiy til biriktirib, aholi isteʼmoli uchun ajratilgan uglevodorod gazi toʻldirilgan maishiy gaz ballonlarini maxsus transport vositalari yordamida talon-taroj qilayotganliklari aniqlanib, qiymati 32 mln soʻmlik jami 3 tonna 100 kg uglevodorod gaz mahsulotlari musodara qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Pastdargʻomtumangaz” gaz taʼminoti korxonasi xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda holatning boshqa tafsilotlari aniqlanmoqda.
Masʼullarga gaz toʻldirish shoxobchalari, omborlar va taqsimlash bazalarida nazoratni kuchaytirish, energetika resurslarini tashish va tarqatishda talon-torojlikning oldini olish vazifasi yuklatildi.





