Yangi Oʻzbekistonda ilk bor 5 million tonnadan ziyod paxta hosili olindi
Joriy yilda fermerlarning paxtadan 13–14 trillion soʻm sof foyda olishi kutilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda ilk bor 5 million tonnadan ziyod paxta hosili yigʻib olindi.
Bu natijaga qanday erishildi?
- Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi kuchaytirilib, olimlarning ilmiy ishlanmalari va tavsiyalari bevosita dalalarga tatbiq etildi.
- Serhosil, mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga mos navlar hamda zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish kengaydi.
- Ilgʻor agrotexnik usullar, ekish va parvarishlash texnologiyalari takomillashtirilib, har bir gektardan yuqori hosil olishga eʼtibor kuchaytirildi.
- Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi natijasida paxtachilikda suv sarfi 1990-yillarga nisbatan ikki baravar kamaydi.
Sohadagi oʻzgarishlarning muhim jihati — dehqon va fermerlar, klasterlar hamda dalada ishlayotgan har bir insonning oʻz mehnati natijasidan manfaatdorligidir. Joriy yilda fermerlarning paxtadan 13–14 trillion soʻm sof foyda olishi kutilmoqda.
Moliyalashtirish, subsidiyalash, sugʻurta va toʻlov intizomini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar ham yuqori natijalarga erishishda muhim oʻrin tutdi.
Keyingi yillarda chigit ekiladigan maydonlar 38 foizga qisqartirilgani holda, oʻrtacha hosildorlik 2,7 karra oʻsib, gektariga 21 sentnerdan 56 sentnerga yetdi. Joriy yilda qariyb 400 ming gektarda oʻrtacha 70 sentner, salkam 70 ming gektarda esa 100–110 sentnergacha hosil olindi. Suv tejovchi texnologiyalar hisobiga suv sarfi 1990 yillarga nisbatan ikki karra kamaydi.
Joriy yilda hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta terish mashinalari yordamida 30–35 kunda yigʻib olingani qayd etildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mexanizatsiyalashtirish darajasi 100 foizga yetkazildi.
Zamonaviy ilgʻor agrotexnologiya asosida paxta yetishtirishni kengaytirish maqsadida 305,2 ming gektar (oʻtgan yilga nisb. +124 ming ga koʻp) maydonda «Shinjon» usulida chigit ekildi. Paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlari oʻz vaqtida tizimli moliyalashtirish yoʻlga qoʻyildi. 2026 yil paxta hosili uchun 12 trln imtiyozli kreditlar ajratildi.
Fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1 mln soʻmdan jami 2,4 trln soʻm (+0,6 trln) subsidiya ajratildi.





