Putinning AQShga dizel yoqilgʻisi yetkazib berish rejasi oʻzgardi
AQShga Rossiya dizel yoqilgʻisini yetkazib berishi kutilgan ikki tanker yoʻnalishini oʻzgartirib, Jazoir va Braziliya tomon harakatlanmoqda. Yana bir tanker esa AQShga qarab yoʻlini davom ettirayotgani aytilmoqda. Bu holat Donald Tramp va Vladimir Putin oʻrtasidagi yoqilgʻi yetkazib berish kelishuvi muammolarga duch kelgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Rossiya dizel yoqilgʻisini AQShga olib ketayotgani aytilgan ikkita tanker dastlabki yoʻnalishini oʻzgartirganga oʻxshaydi. Tankerlarning yoʻnalishni oʻzgartirishi Donald Trampning Rossiya bilan dizel yoqilgʻisi yetkazib berish boʻyicha kelishuvi muammoga duch kelgan boʻlishi mumkinligini anglatadi.
Tramp oʻtgan oy Kreml bilan AQShga Rossiya dizel yoqilgʻisini import qilish boʻyicha kelishuvga erishganini eʼlon qilgan edi. Buning uchun AQSh Moliya vazirligi Rossiya yoqilgʻisiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatgan.
Mazkur kelishuv demokratiklar, ayrim respublikachilar va Yevropa rasmiylarining keskin tanqidiga uchradi. Ular Trampni Vladimir Putinga nisbatan bosimni kamaytirish va Kreml daromadlarini oshirishga hissa qoʻshishda aybladi.
«Bu kelishuv raqibimizga sovgʻa va ittifoqchilarimizga xiyonatdir. Uni bekor qilish kerak», — deb yozgan edi AQShning ikki partiyadan boʻlgan senatorlari guruhi oʻtgan oy Oq uy, Moliya vaziri Skott Bessent va Davlat kotibi Marko Rubioga yoʻllagan maktubida.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ushbu qarordan kutilmaganda xabardor boʻlgani aytilgan. U kelishuvni «kuchli ittifoqchilar tomonidan qabul qilingan zaif qaror» deb atagan.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni esa Ukraina shaharlari Rossiya bombardimoniga uchrayotgan bir paytda bunday kelishuv Moskvaning harakatlarini qonuniylashtirishini taʼkidlagan.
Shu bilan birga, kelishuv Trampning oraliq saylovlar oldidan qishloq hududlaridagi saylovchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan soʻnggi urinishlaridan biri sifatida ham baholangan. Ayniqsa, fermerlar Eronga qarshi urush ortdan dizel yoqilgʻisi narxining oshishidan jiddiy zarar koʻrgan edi.
«Amerikaliklar, ayniqsa, buyuk fermerlarimiz, chorvadorlarimiz va yuk tashuvchilarimiz uchun narxlarni pasaytirish mening eng ustuvor vazifam», — degan edi Tramp 9 oktabr kuni Truth Social tarmogʻidagi bayonotida.
Biroq kelishuv respublikachilarning oraliq saylovlardagi imkoniyatlarini yaxshilashga yordam bermaganga oʻxshaydi. Demokratlar Ayova, Kanzas, Texas va Viskonsin shtatlarida respublikachilar kuchli boʻlgan hududlarda sezilarli natijalarga erishgan.
Tankerlarning yoʻnalishlari oʻzgargani haqidagi maʼlumotlar ham eʼtiborga molik. Xususan, Talisman nomli tanker avval AQShning Atlantika sohilini manzil sifatida koʻrsatgan. Biroq dengiz transporti maʼlumotlariga koʻra, u Jazoir qirgʻoqlari yaqinida boʻlib, aksincha yoʻnalishda harakatlanmoqda.
Rossiya dizel yoqilgʻisini tashiyotgani aytilgan yana bir tanker — Leruo ham avval AQSh tomon yoʻl olgan edi. Endilikda u Braziliyaga borishi kutilmoqda.
Financial Times maʼlumotiga koʻra, yana bir tanker AQSh tomon harakatlanishda davom etayotgan boʻlishi mumkin.
Tankerlar yoʻnalishini oʻzgartirishining sabablaridan biri AQSh portlariga yetib borgach, ularning qabul qilinishi yoki ortga qaytarilishi borasidagi noaniqlik boʻlishi mumkin. Chunki mamlakat rasmiylari Rossiya yoqilgʻisini yetkazib berish qonuniyligi masalasida turlicha fikr bildirmoqda.
Dushanba kuni Nyu-Jersi shtati gubernatori Mikki Sherill shtatdagi port terminallari operatorlarini Rossiya dizel yoqilgʻisini qabul qilmaslik haqida ogohlantirdi.
«Tramp maʼmuriyati tashabbusi bilan AQShning sharqiy sohiliga yoʻl olayotgan noqonuniy Rossiya yoqilgʻisini sotib olish yoki tushirish bilan shugʻullangan kompaniyalar va jismoniy shaxslar fuqarolik hamda jinoiy javobgarlik doirasida ogʻir jazolarga tortilishi mumkin», — deb yozgan u oʻz maktubida.
Shu tariqa, Rossiya dizel yoqilgʻisini AQShga yetkazib berish boʻyicha kelishuv atrofida siyosiy va huquqiy ziddiyatlar kuchaymoqda. Tankerlarning yoʻnalishini oʻzgartirishi esa kelishuvning amalda qanday bajarilishi borasida savollarni yuzaga keltirmoqda.





