platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Poytaxtdagi qurilish maydonida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi

Qurilish maydonining kirish-chiqish yoʻllarida yuk mashinalari gʻildiraklarini yuvish uchun blok-postlar umuman qurilmagan, natijada loy va tuproq "Jarqoʻrgʻon" koʻchasi boʻylab 2–2,5 kilometr masofagacha yoyilib ketgan. 

Poytaxtdagi qurilish maydonida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Toshkent shahri Yashnobod tumani Jarqoʻrgʻon koʻchasida koʻp qavatli turar joy majmuasini qurayotgan "B..D." MChJ faoliyati oʻrganildi.

Tekshiruv Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda oʻtkazildi. Oʻrganish davomida majmuada har bir bosqich uchun Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan boʻlsa-da, xulosalarda belgilangan talablarning koʻpi bajarilmagani maʼlum boʻldi.

Xususan, qurilish maydonining kirish-chiqish yoʻllarida yuk mashinalari gʻildiraklarini yuvish uchun blok-postlar umuman qurilmagan, natijada loy va tuproq "Jarqoʻrgʻon" koʻchasi boʻylab 2–2,5 kilometr masofagacha yoyilib ketgan. Loy qurigach, oʻtayotgan mashinalar uni maydalab, havoga kuchli chang koʻtarmoqda. Shuningdek, atmosfera havosini muhofaza qilish chora-tadbirlari esa umuman ishlab chiqilmagan.

Poytaxtdagi qurilish maydonida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi

Qolaversa, eski binolar buzilishidan hosil boʻlgan 126 188,9 tonna chiqindi va kotlovan qazishdan chiqqan 368 432 tonna tuproq qayerga olib ketilgani haqida korxona hech qanday hujjat taqdim eta olmadi.

Mutaxassis oʻlchoviga koʻra, hududda 12 036 tonna qattiq maishiy va qurilish chiqindisi belgilanmagan joyda toʻplab qoʻyilgan. Chiqindilarni olib chiqish va oqova suvlarni tashish boʻyicha shartnomalar ham tuzilmagan.

Bundan tashqari, 51 tup daraxt ruxsatsiz, noqonuniy yoʻq qilingan. Korxona 50 tup archa va 1 tup chinorni kesish uchun ariza bergan, biroq Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasi tomonidan ruxsat berilmagan. Shunga qaramay, tekshiruv vaqtida bu daraxtlar kesib tashlangani aniqlandi.

Poytaxtdagi qurilish maydonida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi

Korxona tomonidan ekspertiza talablari ham bajarilmagan. "Yashil makon" dasturi boʻyicha hududning kamida 25 foizini koʻkalamzorlashtirish, uglerod neytralligi rejasini ishlab chiqish va boshqa majburiyatlar ijro etilmagan. Yuqorida qayd etilgan holatlar "Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida"gi, "Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida"gi va "Chiqindilar toʻgʻrisida"gi qonunlar talablariga zid.

Korxonaga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni noqonuniy joylashtirganlik uchun 5 mlrd 183 mln 364 ming 476 soʻm kompensatsiya toʻlovi hisoblandi. Shu bilan birga, yoʻq qilingan daraxtlar uchun oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan 396 mln soʻm zararni qoplash belgilandi. Qolaversa, yoʻq qilingan har bir daraxt oʻrniga 100 tupdan (jami 5100 tup koʻchat) kamida 3 yillik koʻchat ekish va ularni 3 yil davomida parvarish qilish majburiyati yuklatildi. Korxona rahbariga MJtKning 85¹-moddasi 1-qismi boʻyicha 4 mln 400 ming soʻm maʼmuriy jarima qoʻllandi.

Oʻz navbatida korxonaga chang koʻtarilishining oldini olish va havoni muhofaza qilish choralarini darhol koʻrish, hududdagi chiqindilarni oʻlchab, olib chiqish va qayta ishlashga topshirish, "Ekologik oqibatlar toʻgʻrisidagi bayonot" loyihasini 10 dekabrgacha ekspertizadan oʻtkazish va boshqa zarur koʻrsatmalar berildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid