Pokistonning Imarat kompaniyasi Yangi Toshkentdagi loyihalarda ishtirok etishi mumkin
Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher Toʻxtayev ushbu mamlakatdagi qurilish kompaniyasi rahbari Akbar Shafik bilan muzokaralar oʻtkazdi. Pokistonlik investorga koʻp tarmoqli bunyodkorlik loyihasini amalga oshirish taklif qilindi.

Pokistonning yirik qurilish kompaniyasi — Imarat Group’ning Yangi Toshkent hududida yirik koʻchmas mulk va kompleks development investitsiya loyihalarida ishtirokini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher Toʻxtayev ushbu mamlakatdagi qurilish kompaniyasi rahbari Akbar Shafik bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuv Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi Toshkent loyihasini amalga oshirish yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, Pokistonning yirik developerlik kompaniyalarini mazkur loyihaga jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Pokistonlik investorga ushbu hududda koʻp tarmoqli bunyodkorlik loyihasini amalga oshirish taklif qilindi. Loyiha zamonaviy turar joy majmualari, Grade-A toifasidagi ofis maydonlari, savdo va umumiy ovqatlanish obʼektlari, mehmonxona va konferensiya markazlari hamda zamonaviy jamoat hududlarini qamrab oladi.
Imarat Group’ning koʻchmas mulk sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tajribasi istiqbolli yoʻnalish sifatida qayd etildi. Shu munosabat bilan kompaniyaga qurilish loyihasini amalga oshirish, kelgusida Yangi Toshkentda koʻchmas mulkni boshqarish, sotish va raqamli mijozlarga xizmat koʻrsatish tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini oʻrganish taklifi bildirildi.
Muhokamalarda Imarat Group delegatsiyasining Oʻzbekistonga safari tashkil etilishi va dastlabki muhokamalar bosqichini aniq investitsiya konsepsiyasini shakllantirish bosqichiga olib chiqish boʻyicha kelishib olindi, deyiladi xabarda.
Imarat Group Pokistonning koʻchmas mulk va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar guruhlaridan biri hisoblanadi.





