Oʻzbekistonning JSTga aʼzoligi: muzokaralarning 99 foizi yakunlandi, endi nima boʻladi?
Muzokaralardagi eng murakkab masalalardan biri davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki bilan bogʻliq. Xususan, davlat korxonalari soni, ularga beriladigan yordam va xususiy sektor uchun teng raqobat sharoitlarini taʼminlash masalalari muhokama qilinmoqda.

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayonida yakuniy bosqichga yaqinlashdi. Tovarlar tariflari va xizmatlar bozori boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarning 99 foizi yakunlangan.
Hukumat 2026 yil oxirigacha ochiq masalalarni hal qilishni, 2027 yilda esa tashkilotga aʼzo boʻlishni maqsad qilgan. Biroq davlat korxonalari, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va qonunchilikka oid ayrim masalalar hali kelishilishi kerak.
JST ishchi guruhi raisi Sung-Ye Choi Oʻzbekistonning tashkilotga qoʻshilish jarayonini optimistik baholadi. U muzokaralarning yakunlanishi mamlakatning avtomatik ravishda tashkilotga aʼzo boʻlishini anglatmasligini aytdi. Bu haqda u 3 noyabr kuni Toshkentda oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni 1994 yilda boshlangan, biroq uzoq vaqt davomida sezilarli siljish kuzatilmagan. Muzokaralar 2020 yilda qayta faollashdi. Shundan buyon mamlakat tashkilot talablariga moslashish va aʼzo davlatlar bilan kelishuvlarga erishish boʻyicha ishlarni jadallashtirdi.
JST ishchi guruhi raisi Sung-Ye Choi tovarlar tariflari va xizmatlar bozori boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarning 99 foizi yakunlanganini bildirdi. Hozir faqat ayrim yakuniy tafsilotlarni kelishish qolgan.
Prezident administratsiyasi bosh inspektori Iskandarbek Genjayevning maʼlum qilishicha, 2026 yil boshida Oʻzbekiston bilan muzokara oʻtkazishga qoʻshimcha davlatlar ham qiziqish bildirgan. Ular bilan kelishuvlar ham deyarli yakunlangan. Shu sababli hozir asosiy eʼtibor koʻp tomonlama muzokaralarga qaratilmoqda.
Muzokaralarning kechikishiga qoʻshimcha savollar va yangi majburiyatlarni kelishish zarurati sabab boʻlgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston parlamentida 20 dan ortiq qonunchilik hujjatini qabul qilish jarayoni yakuniy bosqichda. Genjayevning aytishicha, hozirgacha 200 dan ortiq qonunchilik hujjati JST bitimlari, qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirilgan.
Muzokaralardagi eng murakkab masalalardan biri davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki bilan bogʻliq. Xususan, davlat korxonalari soni, ularga beriladigan yordam va xususiy sektor uchun teng raqobat sharoitlarini taʼminlash masalalari muhokama qilinmoqda.
JSTga aʼzo boʻlishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar barcha himoya vositalaridan mahrum boʻlishini anglatmaydi. Tashkilot qoidalari demping yoki subsidiyali importga qarshi choralar koʻrish, shuningdek, import keskin oshib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazgan holatlarda vaqtinchalik tariflar yoki kvotalar joriy etish imkonini beradi. Biroq bunday choralar belgilangan qoidalarga muvofiq qoʻllanishi kerak.
Oʻzbekiston tashqi savdoni liberallashtirish boʻyicha ham qator oʻzgarishlarni amalga oshirgan. Jumladan, ayrim mahsulotlarni eksport qilish uchun ruxsatnoma talab qiluvchi roʻyxat bekor qilinib, uning oʻrniga eksport bojlari mexanizmi joriy etilgan. 2024 yilda esa yirik davlat korxonalarining ayrim eksklyuziv huquqlari bekor qilinib, elektr va gaz, ikkilamchi hamda rangli metallar savdosida xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan oʻzgarishlar amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston tomoni 2026 yil oxirigacha barcha ochiq masalalarni hal qilishni maqsad qilgan. Shundan soʻng aʼzolik paketi JST Bosh kengashiga taqdim etiladi. Tashkilotga aʼzo 166 davlatning barchasi Oʻzbekistonning qabul qilinishiga rozilik bildirishi kerak. Keyin mamlakat ichida ratifikatsiya jarayoni amalga oshiriladi.
Sung-Ye Choi barcha masalalar 2026 yil oxirida yoki 2027 yil boshida hal boʻlishiga umid bildirdi.





