Ommaviy tadbirlarga odamlarni mahsulotlarni bepul tarqatish yoki arzon sotish taqiqlanishi mumkin
Shuningdek, 100 va undan ortiq kishi qatnashadigan konsert, sport musobaqalari, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlar uchun yangi qoidalar belgilanadi.

Ommaviy tadbirlarga odamlarni mahsulotlarni bepul tarqatish yoki arzon sotish orqali jalb qilish taqiqlanishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan ommaviy tadbirlarni oʻtkazish tartib-taomillarini takomillashtirishga oid hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihada nazarda tutilishicha:
- 100 va undan ortiq kishi qatnashadigan konsert, sport musobaqalari, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlar uchun yangi qoidalar belgilanadi;
- reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyum va boshqa mahsulotlarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzon narxda sotish orqali odamlarni ommaviy tadbirga jalb qilish taqiqlanadi;
- madaniy tadbirlar, koʻngilochar-tomosha dasturlari va sport musobaqalariga chiptalar elektron shaklda sotiladi. Bu chiptalarni belgilanganidan yuqori narxda qayta sotish va qalbakilashtirishning oldini olishga qaratilgan;
- ruxsatnoma olinmaguncha tashkilotchiga tadbir haqida eʼlon berish, reklama qilish, uning sanasi va joyini maʼlum qilish hamda chipta sotish taqiqlanadi;
- tadbirlarda odamlar oqimini nazorat qilish, ularning ommaviy toʻplanish va zichlashuvini hamda bu bilan bogʻliq xavflarni barvaqt aniqlash uchun dronlardan foydalaniladi;
- qonunchilikka koʻra, ommaviy tadbirlar qoidalarini buzganlarning tadbirlarga kirishini jinoyat ishlari boʻyicha sud vaqtincha cheklashi mumkin. 2027 yildan bunday shaxslarning elektron hisobi yuritiladi.
Muhim: ushbu qoidalar yigʻilish, miting, koʻcha yurishlari va namoyishlarni, shuningdek, toʻy, oilaviy, yubiley tadbirlari va vafot etganlar xotirasiga bagʻishlangan aza marosimlarini oʻtkazishga tatbiq etilmaydi.
Muhokama 20 noyabrga qadar davom etadi.





