Favqulodda vaziyatlarda halok boʻlganlarning yaqinlariga 200 mln soʻmdan oshiqroq toʻlanishi mumkin
Jabrlangan shaxslar favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kun mobaynida belgilangan shakldagi arizani toʻldirgan holda tegishli komissiyaga taqdim etadilar.

Favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (606-son, 03.11.2026 y.) bilan “Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga quyidagilar kiradi:
- transport avariyalari va halokatlari;
- kimyoviy xavfli va yongʻin-portlash xavfi mavjud boʻlgan obʼektlar;
- energetika va kommunal tizimlaridagi avariyalar;
- bino konstruksiyalarining toʻsatdan buzilishi va boshqalar.
Quyidagi holatlarda jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zarar tegishli tuman (shahar) hokimligi huzuridagi Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash jamgʻarmasidan toʻlab beriladi:
- sud tomonidan favqulodda vaziyat uchun aybdor shaxslar aniqlangungacha boʻlgan davrda;
- belgilangan muddatda favqulodda vaziyat uchun aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan toʻliq qoplash imkoni boʻlmagan hollarda.
Jabrlangan shaxslar favqulodda vaziyat yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kun mobaynida belgilangan shakldagi arizani toʻldirgan holda tegishli komissiyaga taqdim etadilar.
Komissiya dalolatnomasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qarorlari asosida quyidagi shaxslarga aybdor deb topilgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari hisobidan 1 martalik moddiy yordam puli toʻlab beriladi:
- favqulodda vaziyat oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi, bolalari, ota-onalari va qaramogʻidagi shaxslar) uchun har bir oila aʼzosiga teng ulushda – BHMning 500 baravarigacha miqdorida;
- favqulodda vaziyat oqibatida ogʻir tan-jarohati olgan fuqarolarga – BHMning 200 baravarigacha, oʻrtacha ogʻirlikdagi tan jarohati olgan fuqarolarga – BHMning 150 baravarigacha hamda yengil tan jarohati olgan fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda.





