"Zapravka"larda maishiy gaz ballonlarini toʻldirganlik uchun javobgarlik belgilandi
Bunday holatlar BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Yongʻin xavfsizligi talablarini buzganlik uchun qator javobgarlik choralari belgilandi.

Qonun (1186-son, 02.11.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, obʼektlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va qurilishi tugallangan obʼektni foydalanishga qabul qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda:
- vakolatli organ hamda xulosa beruvchilarning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishiga oʻz mansab vakolatlaridan foydalanib, qonunga xilof ravishda aralashish:
- BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Suyultirilgan uglevodorod gazini isteʼmolchilarga avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan maishiy gaz ballonlarida berish:
- BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-koʻngilochar markazlari mulkdorlarining uchinchi shaxslar hayoti va (yoki) sogʻligʻiga yongʻin yuzaga kelishi natijasida zarar yetkazganlik uchun oʻzining fuqarolik javobgarligini, shuningdek ushbu obʼektlarni yongʻindan majburiy sugʻurta qilish boʻyicha majburiyatini bajarmasligi:
- mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Yongʻin auditini oʻtkazishga oid qonunchilikda belgilangan talablar va shartlarni buzish:
- fuqarolarga BHMning 15 baravari, mansabdor shaxslarga esa 30 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.





