"Turon" bekatidagi baxtsiz hodisada yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash metropoliten zimmasiga kirmaydi — Yoʻldosh Yusupov
2021 yilda Transport vaziri tomonidan prezidentga "Buyuk ipak yoʻli" bekatidan TTZ dahasigacha yagona yeroʻsti yoʻli hamda yeroʻsti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalari taqdim etilgandi. Loyiha qurilishi 2026 yil oxirida yakunlanishi kerak edi. Ammo hozirda loyiha ham, qurilish ham yoʻq.

Joriy yilning iyul oyida "Turon" bekati tomi qulab tushib, ikki odam jarohatlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat byudjetga qancha zarar yetkazgani esa ochiqlanmagan edi.
Platina.uz metropoliten rahbari oʻrinbosaridan yetkazilgan zarar haqida soʻradi.
“Turon bekatidagi koʻngilsiz voqea, yaʼni shift qismi tushib ketishi, bu endi quruvchilar masalasi, yaʼni halqa yoʻlidagi ushbu masala quruvchi va buyurtmachi tomonidan bugungi kunda oʻrganilmoqda. Ular tomonidan shu hisob-kitoblar, byudjetga yetkazilgan zarar yoki boʻlmasam nima sababdan ushbu holat yuzaga kelganligi oʻrganilsa, qoʻshimcha axborot berishadi. Bu metropoliten, metropoliten tashish bilan shugʻullanadi.
Bugungi kunda shu liniya butunlay foydalanishga qabul qilinsa, keyinchalik saqlash va undan foydalanish bizning majburiyatimizga kiradi”, — dedi metropoliten rahbari transformatsiya va moliya masalalari boʻyicha oʻrinbosari Yoʻldosh Yusupov.
Shuningdek, 2021 yilning 15 noyabrida davlat rahbariga Toshkent metropolitenining "Buyuk ipak yoʻli" bekatidan TTZ dahasigacha yeroʻsti yoʻli hamda yeroʻsti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalari taqdim etilgan edi. 2025 yil mayida esa prezidentga mazkur loyiha 2026 yil oxirigacha yakunlanishi koʻzda tutilgani boʻyicha axborot berilgan.
Platina.uz muxbiri Yoʻldosh Yusupovga shu haqida savol berganida u “loyihani qurish bilan metropoliten shugʻullanmasligini, metropoliten faqatgina tashish bilan shugʻullanganligi sababli, uni qurish, qachon boshlanishi, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va shunga oʻxshagan holatlarni Transport vazirligi toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzlari ishlab chiqib, ommaga taqdim qiladi”, dedi u.
“Loyiha masalasi boʻyicha, Prezidentimizga qilingan loyiha masalasi boʻyicha, u boʻyicha Transport vazirligi alohida oʻzlari shugʻullanishyapti”, — deya qoʻshimcha qildi Yusupov.
Shundan soʻng, Platina.uz mazkur loyiha boʻyicha Transport vaziri matbuot kotibi Navroʻz Ashurmatov bilan bogʻlandi.
Ashurmatovning aytishicha, loyihani qurish hali boshlanmagan, chunki Yunusobod yoʻlidagi taʼmirlash va yer usti metro bekatlarini taʼmirlashga vaqt ketganligi sababli bu yil loyihani tugatish imkonsiz.





