Shavkat Mirziyoyev Rustam Emomalini “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi
Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari hamkorligi doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Poytaxtlar va hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantirish, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Majlisi oliy Majlisi milliy Raisi Rustami Emomalini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Majlisi milliy Raisi davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari hamkorligi doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Barcha yoʻnalishlardagi hamkorlik jadal surʼatlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo va yuk tashish hajmlari ortib bormoqda. Sanoat, qurilish, energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qoʻshma Investitsiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Poytaxtlar va hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantirish, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishda qonunchilik organlarining rolini oshirish, bu borada parlamentlararo komissiyalar, doʻstlik guruhlari hamda sohaviy qoʻmitalar faoliyatini faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston yetakchisi Rustami Emomalini ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi katta xizmatlari, parlamentlararo muloqotni kengaytirish borasidagi samarali faoliyati uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi.





