Samarqandda xavfsizlik boʻyicha ShHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti oʻtkaziladi
Mazkur formatni yoʻlga qoʻyish tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli boʻlib, ilk bor 2024 yilda ShHTning Ostona shahridagi sammitida yangragan.

2026 yilning 5-6 noyabr kunlari Samarqand shahrida Xavfsizlik masalalari boʻyicha ShHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti oʻz ishini boshlaydi.
Uchrashuv mavzusi – «Raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik: yangi texnologiyalar rivojlanishini hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish».
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbari general-polkovnik Bahodir Qurbonov raisligida boʻlib oʻtadi.
Mazkur formatni yoʻlga qoʻyish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli boʻlib, ilk bor 2024 yilda ShHTning Ostona shahridagi sammitida yangragan.
2025 yilda Tyanszinda boʻlib oʻtgan Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi yigʻilishida Xavfsizlik masalalari boʻyicha ShHT plyus birinchi ekspertlar muloqotini Samarqandda oʻtkazish taklif qilingan edi.
Boʻlajak uchrashuvda ShHTga aʼzo davlatlar, kuzatuvchilar, muloqot boʻyicha hamkorlar maxsus xizmatlarining rahbarlari hamda vakillari, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, taklif etilgan mehmonlar ishtirok etadi.
Dunyoning 24 davlatidan 33 ta delegatsiya va 5 ta xalqaro tashkilot vakillari kelishi kutilmoqda.
Uchrashuv doirasida ilgʻor texnologiyalar va sunʼiy intellektni zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga taʼsiri xususida fikr almashilishi koʻzda tutilgan.
Muzokaralar yakuni boʻyicha delegatsiyalar rahbarlari raqamli transformatsiya davrida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikning aniq vazifalari hamda ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oladilar.





