Samarqandda tiriklayin koʻmib yuborilgan erkak komada yotib vafot etdi
Marhum tanishi bilan oshxonadan chiqib, uyiga ketayotganida ularning yoʻlini oq rangli Spark toʻsgan. Mashinadan tushgan shaxslar unga hujum qilib, boshiga armatura bilan urgan.

Samarqand viloyati Payariq tumanida bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanib, tiriklayin koʻmib yuborilgan 32 yoshli erkak qariyb bir oy komada yotib, vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Maʼlum qilinishicha, Navroʻz mahallasida yashagan 32 yoshli yigit tanishi bilan oshxonadan chiqib, uyiga ketayotganida ularning yoʻlini oq rangli Spark toʻsgan. Mashinadan tushgan shaxslar unga hujum qilib, boshiga armatura bilan ura boshlagan.
Voqea guvohining aytishicha, u oʻrtogʻini himoya qilishga va hujum qilganlarning qoʻlidagi armaturani olib qoʻyishga uringan. Shu payt qolganlar unga ham tashlanib, toshlar bilan urgan.
Marhumning turmush oʻrtogʻining taʼkidlashicha, eri tanib boʻlmas darajada jarohatlangan va 28 kun komada yotgan.
Janjalga nima sabab boʻlgani hozircha ochiqlanmagan. Marhumning akasi hujum qilganlarning barchasini ham yaxshi tanimasligini, ular bilan oilasi oʻrtasida adovat boʻlmaganini bildirgan. Biroq voqeadan ikki kun oldin ukasi ular bilan janjallashib, yoqalashganini koʻrganlar borligini aytgan.
Holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jabrlanuvchi vafot etgach, ish ushbu moddaning 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.
Ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. Hozirda Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.





