Prezident: "Bundan buyon “kambagʻal oila qolmadi” degan hisobot oʻtmaydi"
Buxoroda viloyat boʻyicha ishsizlar soni 40 mingga yaqin, yana 270 ming nafar aholining daromadi oʻrtacha koʻrsatkichdan past ekani qayd etildi.

Buxoro viloyatidan 99 ming nafar fuqaro mehnat migratsiyasida. Xorijdan qaytgan 24 ming kishi hali ish topmagan. Viloyat boʻyicha ishsizlar soni 40 mingga yaqin, yana 270 ming nafar aholining daromadi oʻrtacha koʻrsatkichdan past.
– Bundan buyon “kambagʻal oila qolmadi” degan hisobot oʻtmaydi,– dedi Prezidentimiz.
Masʼullarga xorijda kam ish haqiga ishlayotgan yurtdoshlarimizni kasbga oʻqitib, yuqori daromadli ishga joylashtirish, 270 ming nafar aholining daromadini oʻrtacha va undan yuqori darajaga olib chiqish boʻyicha tumanlar kesimida reja ishlab chiqish topshirildi.
Buxoroda turizm mavsumi toʻrt oydan ortiqroqqa uzaytgan. Prezidentimiz yilning qolgan davrida ham sayyohlarni jalb qiladigan yangi tadbirlar va turizm mahsulotlarini taklif etish zarurligini taʼkidladi.
Kelasi yil viloyatda 30 ga yaqin xalqaro tadbir oʻtkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, hozir Buxoroda besh yulduzli mehmonxona yoʻq, yirik savdo va koʻngilochar maskanlar ham yetarli emas. Mavjud xizmatlarning asosiy qismi Buxoro shahrida jamlangan.
– Servis taklifi talabga mos emas,– dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Sayyohlar sonini oshirish uchun joylashtirish, savdo, dam olish va sayohat xizmatlarini viloyat tumanlarida ham rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Masʼullarga xorijlik turistlar sonini 7 millionga yetkazish boʻyicha oyma-oy reja tayyorlash vazifasi qoʻyildi. Unda qaysi davlatlardan sayyoh jalb etilishi, qanday yangi turpaketlar va tadbirlar taklif qilinishi, tumanlarda qaysi obʼektlar ishga tushirilishi aniq koʻrsatilishi lozim.





