Poytaxtdagi xonadonda xorijliklardan tashkil topgan jinoiy guruh fosh etildi
Ular Call markaz tashkil etib, mijozlarning mol-mulkini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritishga qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanib kelgan. Bundan tashqari, 3 nafar chet el fuqarosi belgilangan tartibda litsenziya olmasdan internet kripto-birjalari orqali takroran kripto-aktivlar oldi-sotdisini amalga oshirib kelgan.

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida mijozlarning mol-mulkini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritishga qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanib kelgan Call markaz fosh etildi.
Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati eʼlon qilgan videolavhada xabar berildi.
Aytilishicha, xonadonlarni oʻrganib yurgan ichki ishlar xodimi boʻsh xonadonning oldidan oʻtib ketayotganida undan fuqaro chiqib qolganini koʻrib, boʻsh xonadonning toifasini oʻzgartirish maqsadida fuqaro bilan suhbatlashgan. U xodimga 1000 dollar pora taklif qilgan. Ichki ishlar xodimi jinoiy guruh aʼzosi tomonidan taklif etilgan porani olmagan.
Uy xolislar ishtirokida tekshirilganda har bir xonada 4-5 nafar fuqaro borligi, jami 23 nafar fuqaro noqonuniy yashab kelayotgani aniqlangan.
Shundan soʻng Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan tashkil etilgan tezkor tadbir davomida u yerda 80 ta uyali aloqa vositasi, 21 ta noutbuk, 6 ta Wi-Fi routeri va 22 ta pasport ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davomida guruhning kripto-aktivlar bilan bogʻliq faoliyati ham fosh etilgan. Xususan, 3 nafar chet el fuqarosi belgilangan tartibda litsenziya olmasdan internet kripto-birjalari orqali takroran kripto-aktivlar oldi-sotdisini amalga oshirib kelgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278- 8-moddasi 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni vaqtda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.





